Yangiliklar

«Oskar» mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi, «Neftchi» O‘zbekiston Superkubogi sohibi — 16-mart kungi yangiliklar dayjesti

Kursiv Uzbekistan 16-mart kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi
Foto: The Hollywood Reporter

Kursiv Uzbekistan 16-mart kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi.

Olmaliqda qiymati 2,7 mlrd dollarlik 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 2,7 mlrd dollarlik 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Bu ishlarimizning barchasi bir maqsadga – iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish va albatta, xalqimizning turmush farovonligini yanada oshirishga qaratilgan», – dedi davlat rahbari o‘z nutqida.

So‘nggi yillarda tog‘-kon sanoati tubdan isloh qilinishi natijasida to‘qqiz yil ichida sohaga $10 mlrd xorijiy investitsiya kiritildi. Bugungi kunda tarmoqda 65 ta xususiy korxona faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili oltin qazib olish hajmi 118,4 tonnaga yetkazilgan bo‘lsa, 2016-yildan buyon kumush ishlab chiqarish 1,6 barobar, uran 2,1 barobar hamda mis 1,4 barobarga o‘sgan.

Volfram narxi o‘sishi bo‘yicha oltindan o‘zib ketdi

Foto: Investor News

Jahon bozorida volfram metalli taqchilligi yuzaga kelib, uning narxi o‘sish ko‘rsatkichi bo‘yicha oltinni ortda qoldirdi. Xitoy tomonidan eksportning qisqartirilishi hamda Erondagi urush fonida talabning keskin ortishi bunga asosiy sabab bo‘ldi. 2025-yil fevral oyidan boshlab o‘ta zich va qiyin eriydigan volfram metalli qiymati 557 foizga oshgan. Bunga asosiy ishlab chiqaruvchi bo‘lgan Xitoy ushbu mahsulotni eksport nazorati ro‘yxatiga kiritishi va natijada yetkazib berish hajmining qariyb 40 foizga qisqarishi sabab bo‘ldi.

Mart oyining ikkinchi yarmida aholi tabiiy gazni arzonlashtirilgan narxda oladi

Aholi mart oyining ikkinchi yarmida tabiiy gazni arzonlashtirilgan narxda oladi
Aholi mart oyining ikkinchi yarmida tabiiy gazni arzonlashtirilgan narxda oladi / Foto: Fo-energie

Mart oyining ikkinchi yarmida respublika aholisi 50 kub metr tabiiy gaz uchun 1 ming so‘mdan to‘lov amalga oshiriladi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi. Mart oyining boshida havo haroratining keskin soviganini inobatga olib, isitish mavsumida tabiiy gaz uchun belgilangan oylik bazaviy me’yor 15-martga qadar uzaytirilgan edi. «O‘zgidromet» ma’lumotiga ko‘ra, 16 – 20-mart kunlari respublika hududlarida o‘rtacha havo harorati kunduzi +22°С, kechasi esa +10°С bo‘lishi kutilmoqda.

Beshinchi eronlik futbolchi ham Avstraliyani tark etdi

Foto: Dave Hunt / AP

Eron ayollar futbol terma jamoasi sardori Zahro Qanbariy Avstraliyadan boshpana so‘rash qaroridan voz kechib, mamlakatni tark etdi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.

Zahro Qanbariy o‘z qarorini o‘zgartirib, Malayziyadagi jamoadoshlariga qo‘shilgan. Dastlab Avstraliya hukumati jamoaning yetti nafar a’zosiga, shu jumladan, bitta xodimga boshpana berishga qaror qilgan edi. Ichki ishlar vaziri Toni Berk yakshanba kuni bergan bayonotida uch nafar futbolchi Eronga qaytishga qaror qilganidan so‘ng, ularga o‘z imkoniyatlarini muhokama qilish uchun bir necha bor imkoniyat berilganini ta’kidladi.

Qadr kechasida 1765 ta masjidda Qur’oni karimning xatmonalari o‘tkaziladi

Qadr kechasida 1765 ta masjidda Qur’oni karimning xatmonalari o‘tkaziladi
Qadr kechasida 1765 ta masjidda Qur’oni karimning xatmonalari o‘tkaziladi / Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

16-mart, dushanba kuni Qadr kechasi munosabati bilan 27 kun davomida 1765 ta masjidda qori va hofizlar tomonidan o‘qib tugatilgan Qur’oni karimning xatmonalari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati ma’lum qildi. Mazkur marosimlar yakunida mamlakatdagi masjidlarda bir vaqtda jamoaviy tarzda duolar qilinadi. Ulamolarning ta’kidlashicha, Qur’on to‘liq xatm qilingandan so‘ng qilingan duolar ijobat bo‘lishiga umid katta.

«Oskar – 2026» mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi

Foto: The Hollywood Reporter

16-martga o‘tar kechasi Los-Anjelesdagi Dolby teatrida Amerika kinoakademiyasining 98-«Oskar» mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Joriy yilda nominatsiyalar soni 24 taga kengaytirildi va g‘oliblarga topshirildi. Pol Tomas Andersonning «Jang ortidan jang» filmi eng muvaffaqiyatli loyiha bo‘ldi. Kartina «Eng yaxshi film», «Eng yaxshi rejissyor», «Eng yaxshi montaj» hamda «Eng yaxshi moslashtirilgan ssenariy» yo‘nalishlarida g‘olib chiqdi.

«Neftchi» o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston Superkubogi sohibiga aylandi

Foto: UzPFL

2026-yilgi O‘zbekiston Superkubogi uchun kechgan o‘yinda Superliga g‘olibi «Neftchi» hamda mamlakat kubogi sohibi «Paxtakor» jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Andijon shahridagi «Bobur Arena» stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuv farg‘onaliklarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

O’zbekiston Superkubogi. Neftchi - Paxtakor uchrashuvida kiritilgan gol va xavfli vaziyatlar

Uchrashuv taqdirini hal qilgan yagona gol 17-daqiqada kiritildi. «Neftchi» yarim himoyachisi Ratinyo darvozabondan qaytgan to‘pni aniq zarba bilan darvozaga joylab, hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda teng kurashlar kuzatilgan bo‘lsa-da, o‘yin yakuniga qadar hisob o‘zgarmadi.

Park in Mall faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Yong‘indan keyin Park in Mall faoliyati to‘xtatildi
Foto: Yandex

Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati tomonidan Park in Mall oilaviy savdo-ko‘ngilochar markazi faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi. Eslatib o‘tamiz, 15-mart kuni markazning uchinchi qavatidagi xonalarning birida yong‘in sodir bo‘lgan edi. FVVga ko‘ra, hodisa xonaning ichidagi jihozlarda yuz bergan. Jarohatlanganlar yo‘q. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga binoda ijarada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar tomonidan elektr simlaridan noto‘g‘ri foydalanish sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.