
2025-yili O‘zbekistonda jami 879 ming nafar tug‘ilish holati qayd etildi. Ularning 12 mingdan ziyodi 40 yoshdan oshgan ayollar tomonidan dunyoga keltirilgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
Tug‘ilish ko‘rsatkichlari onalarning yosh guruhlari bo‘yicha taqsimlanganda, eng katta ulush 25 – 39 yoshdagi ayollarga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi. Ushbu guruhda 512 ming nafar (58,2 foiz) chaqaloq dunyoga kelgan. Shuningdek, 25 yoshgacha bo‘lgan onalar 355,1 ming nafar (40,4 foiz) farzand ko‘rgan.
40 yosh va undan katta yoshdagi ayollar tomonidan dunyoga keltirilgan bolalar soni esa 12,4 ming nafar (1,4 foiz)ni tashkil etdi. Ta’kidlash joizki, tug‘ilishning umumiy ko‘rsatkichi o‘tgan yildagiga nisbatan qisman pasaygan. Ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning yanvar – dekabr oylarida mamlakatda jami 926,4 ming nafar tug‘ilish holati qayd etilgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda salkam 20 ming nafar egizak dunyoga kelgani haqida xabar bergan edi.