
HeadHunter platformasi 2026-yilning yanvar va fevral oylarida saytga joylashtirilgan vakansiya va anketalarga asoslanib, ish beruvchilarning eng ko‘p qidirayotgan mutaxassisliklarini aniqladi. Bu haqda platforma matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Yanvar oyida eng ko‘p e’lon qilingan vakansiyalar «Savdo bo‘yicha menejer, mijozlar bilan ishlash menejeri» mutaxassisligida bo‘lib, ulushi 12,1 foizni, o‘rtacha maosh esa 10,5 mln so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, 6,3% «Sotuvchi-konsultant, kassir» (6,6 mln so‘m) va 5,3% «Call-markaz operatori, kontakt markazi mutaxassisi» (7 mln so‘m) vakansiyalari joylashtirilgan. Top – 10 mutaxassisliklar qatorida buxgalter, o‘qituvchi, administrator, savdo vakili, SMM-menejer, tibbiy vakil va marketing menejeri ham kirgan. Oyning eng yuqori o‘rtacha maoshi tibbiyot vakillarda qayd etilgan – 12,4 mln so‘m.
Fevral oyida ham eng ko‘p talab «Savdo bo‘yicha menejer, mijozlar bilan ishlash menejeri» sohasida kuzatildi – 12,1% (o‘rtacha 10,5 mln so‘mlik maosh bilan). Keyingi o‘rinlarda sotuvchi-konsultant, buxgalter va call-markaz operatori mutaxassisliklari qayd etilgan. Ushbu oyda o‘qituvchi, administrator, savdo vakili, SMM-menejer, tibbiy vakil va ofis-menejer mutaxassisliklari ham top-10 ichiga kirdi. Eng yuqori o‘rtacha maosh yana tibbiyot vakillarda – 11,9 mln so‘m.
Shaharlar bo‘yicha tahlilga ko‘ra, yanvar oyida ish beruvchilar eng faol Toshkent shahrida bo‘lib, vakansiyalarning 91,9 foizi poytaxtga to‘g‘ri kelgan. Keyingi o‘rinlarda Samarqand (2,4%), Andijon (1,1%), Farg‘ona (1,0%) va Buxoro (1,0%) shaharlar qayd etildi. Fevral oyida Toshkentda faoliyat 40,1% bilan eng yuqori bo‘ldi, undan keyin 23,6% bilan Samarqand, 5,5% bilan Farg‘ona va 4,7% bilan Andijon viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy intellekt yaratgan Top – 10 serdaromad kasb haqida batafsil maqola e’lon qilgan edik.