Yangiliklar

O‘zbekistonda taqsimlanmagan budjet mablag‘larini ajratish tartibi belgilandi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi kelib tushgan takliflarni bir oy muddatda o‘rganib chiqadi
So‘m
Foto: Facebook/Sun’iy intellekt

Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida buyurtmachisi aniqlanmagan hamda taqsimlanmagan mablag‘larni buyurtmachilarga ajratish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Nizom bilan davlat dasturi doirasida mavjud bo‘lgan taqsimlanmagan mablag‘lar aniq obyektlar (loyihalar) va buyurtmachilar kesimida taqsimlanadi.

Unga ko‘ra, vazirlik va idoralar, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari davlat dasturi doirasida taqsimlanmagan mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha o‘z takliflarini Iqtisodiyot va moliya vazirligiga elektron shaklda taqdim etadi.

Nizom ilovasida mablag‘larni yo‘naltirish mumkin bo‘lgan maqsadli yo‘nalishlar hamda takliflarni taqdim etish muddatlari ham ko‘rsatib o‘tilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi kelib tushgan takliflarni bir oy muddatda o‘rganib chiqadi va davlat dasturi bo‘yicha manzilli ro‘yxatni shakllantiradi. Shundan so‘ng ushbu ro‘yxat har chorakda kamida bir marta hukumatga tasdiqlash uchun kiritiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xalq qabulxonalari faoliyatida yangi tizim joriy etilishi haqida yozgandi.