
O‘zbekistonda zargarlik sanoati 3,3 karra o‘sib, 13 trln so‘mdan oshdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Olmaliqdagi 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimida ma’lum qildi.
So‘nggi yillarda rangli metallarni chuqur qayta ishlash hajmi ham oshdi. Avval qimmatbaho va rangli metallar, asosan, xomashyo sifatida eksport qilinar edi. Hozir esa mamlakatda yiliga 100 ming tonna mis qayta ishlanib, yuqori qiymatli mahsulot ishlab chiqarilmoqda.
Natijada zargarlik sanoati ham tez sur’atda rivojlandi. So‘nggi yillarda bu sohada ishlab chiqarish hajmi 3,3 karra oshib, 13 trln so‘mdan ortdi.
Joriy yilda ishga tushiriladigan yangi loyihalar hisobiga misni chuqur qayta ishlash quvvatlari 240 ming tonnaga yetadi. Kelgusi ikki-uch yil ichida yangi loyihalar orqali bu ko‘rsatkich yana oshishi kutilmoqda.
«Kimki mis sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratsa, kelajak sanoatini barpo etgan bo‘ladi. Qaysi davlat bu xomashyoni chuqur qayta ishlash uchun kuchli infratuzilma yaratsa, u minglab oilalarga daromad, hududlarga taraqqiyot, mamlakatga qudrat olib keladi. Shu bois biz islohotlarimizning ilk kunlaridan geologiya-qidiruv ishlariga alohida e’tibor qaratib, mavjud zaxiralar va ularni ishga solish bo‘yicha imkoniyatlarimizni belgilab oldik»,
– dedi davlat rahbari.
Misol sifatida «Yoshlik-1» koni keltirildi. Avval bu konni o‘zlashtirish qiyin deb baholangan. Hozir esa joriy yilning o‘zida bu yerda 20 mln tonna ruda qazib olinadi. Yaqin ikki yil ichida bu ko‘rsatkich 60 mln tonnaga yetishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 3-mis boyitish fabrikasi $2,7 mlrdlik qiymatga ega ekani ta’kidlangandi. Bugungi kunda tarmoqda 65 ta xususiy korxona faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili oltin qazib olish hajmi 118,4 tonnaga yetkazilgan bo‘lsa, 2016-yildan buyon kumush ishlab chiqarish 1,6 barobar, uran 2,1 barobar hamda mis 1,4 barobarga o‘sgan.