Yangiliklar

Park in Mall faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

15-martdagi yong‘indan keyin
Yong‘indan keyin Park in Mall faoliyati to‘xtatildi
Foto: Yandex

Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati tomonidan Park in Mall oilaviy savdo-ko‘ngilochar markazi faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, 15-mart kuni markazning uchinchi qavatidagi xonalarning birida yong‘in sodir bo‘lgan edi. FVVga ko‘ra, hodisa xonaning ichidagi jihozlarda yuz bergan. Jarohatlanganlar yo‘q.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga binoda ijarada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar tomonidan elektr simlaridan noto‘g‘ri foydalanish sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Mas’ullar binoda yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq bir qator kamchiliklar borligini ham qayd etdi. Shu sabab faqat uchinchi qavat emas, butun Parking Mall binosi yong‘in xavfsizligi talablaridagi kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgunga qadar vaqtincha faoliyatini to‘xtatdi.

Bundan oldin Yunusobodda qurilayotgan turarjoy binosida yong‘in yuz bergandi. Voqea joyida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida binoning ikkinchi qavatida faqatgina qurilish materiallari yonib zararlangani aniqlangan.