Qamchiq dovonida yiliga 465 million dollar daromad keltiradigan pullik yo‘l qurilishi rejalashtirilmoqda

eʼlon qilindi
Loyiha Jahon banki ko‘magida amalga oshirilmoqda
Foto: Norma.uz

Qamchiq dovoni orqali o‘tadigan yangi muqobil pullik avtomobil yo‘li qurilishi rejalashtirilmoqda. Toshkent — Andijon yo‘nalishini bog‘laydigan ushbu loyiha qiymati $3,66 milliard deb baholanmoqda. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi «Avtoyo‘linvest» agentligi direktor o‘rinbosari Asliddin Isayev ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, avtomagistralning birinchi bosqichida Toshkent — Angren — Qamchiq yo‘li yo‘nalishida 171 kilometrli yangi trassa barpo etiladi.

Mazkur yo‘lning 33 kilometri tunnel shaklida qurilishi ko‘zda tutilgan. Bu tunnel Markaziy Osiyodagi eng yirik tunnellardan biri bo‘lishi mumkin. To‘rt polosali avtomagistral 120 – 150 km/soat tezlikda harakatlanishga mo‘ljallab loyihalashtirilmoqda.

Yangi yo‘l ishga tushirilgach poytaxt bilan Farg‘ona vodiysi o‘rtasidagi safar vaqti sezilarli darajada qisqaradi. Hozirda Toshkentdan Andijonga avtomobil bilan borish o‘rtacha 5-5,5 soat vaqt olsa, yangi magistral orqali bu masofa 2-2,5 soatda bosib o‘tilishi mumkin.

Loyiha Jahon banki ko‘magida amalga oshirilmoqda. Loyihalash va tender jarayonlarini tashkil etish uchun Arup xalqaro konsalting kompaniyasi jalb qilingan.

Shuningdek, loyiha Fransiya, Turkiya va Xitoyning yirik investitsiya kompaniyalari e’tiborini ham tortgan. Mutaxassislar yangi avtomagistral yo‘l harakati xavfsizligini oshirish hamda yomg‘ir va qor kabi murakkab ob-havo sharoitida ham transport qatnovini uzluksiz ta’minlashini ta’kidlashmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, pulli yo‘l orqali yig‘iladigan to‘lovlardan yiliga taxminan $465 million daromad olish mumkin. Bu esa loyihaning taxminan 8 yil ichida o‘zini oqlashiga imkon beradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent – Samarqand yo‘nalishida 282 kilometrlik avtomagistral qurilishi haqida yozgandi.

Shuningdek, Urganch – Xiva o‘rtasida $120 mlnlik pullik yo‘l qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek