
Bugun, 16-mart kuni Shavkat Mirziyoyev Qosim-Jomart Toqayevni telefon orqali muloqotda Qozog‘istonning yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha muvaffaqiyatli o‘tkazilgan referendum bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat davomida yangilangan Konstitutsiya Qozog‘istonning barqaror taraqqiyotini ta’minlash va xalqaro nufuzini mustahkamlash uchun ishonchli huquqiy asos bo‘lishi ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Yetakchilar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surishga e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashildi, bo‘lajak ikki hamda ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi muhokama qilindi.
Davlat rahbarlari birodar xalqlarni yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami bilan tabriklab, tinchlik, farovonlik va barqaror rivojlanish tiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘istonda vitse-prezident lavozimi joriy etilishi haqida yozgandi.
Shuningdek, Qozog‘istonda referendum qanday o‘tgani haqida xabar berilgandi.