Yangiliklar

Toshkent estetikasi tadbirkorlar huquqlariga zarar yetkazmasligi kerak — Bobur Bekmurodov

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati shaxsiy sahifasida videomurojaat bilan chiqdi
Toshkent estetikasi tadbirkorlar huquqlariga zarar yetkazmasligi kerak — Bobur Bekmurodov / Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

«Yuksalish» harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Tadbirkorlik qo‘mitasi raisi Bobur Bekmurodov so‘nggi kunlarda Toshkent shahrida tadbirkorlarni o‘zlariga tegishli reklama va peshlavhalarni majburiy demontaj qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Uning fikricha, poytaxtning estetik qiyofasini zamonaviylashtirish muhim bo‘lsa-da, bu jarayon qonun ustuvorligi asosida olib borilishi zarur. Xususan, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining tegishli qarori rasman e’lon qilingandan uch oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan, majburiy demontaj ishlari esa ushbu qaror qabul qilinmasdan avval boshlangan.

Shu bilan birga, qonun hujjatlarining orqaga qaytish kuchiga ega emasligi qayd etilib, ilgari o‘rnatilgan va o‘sha davr talablariga mos kelgan peshlavhalarning daxlsizligi huquqiy jihatdan ta’minlanishi lozimligi ta’kidlangan.

Bekmurodov davlat rahbari tomonidan biznes uchun yangi majburiyatlarni yuklashga moratoriy joriy etilganini eslatib, dizayn-kod talablari amalda tadbirkorlar uchun qo‘shimcha moliyaviy yuklama keltirib chiqarayotganini bildirgan.

Shuningdek, u xususiy mulkka nisbatan majburiy choralar faqat qonuniy kuchga kirgan sud qarori asosida qo‘llanishi kerakligini qayd etgan. Tadbirkorlarga qisqa muddatlarda demontaj qilish talablari qo‘yilishi esa ma’muriy buyruqbozlik sifatida baholangan.

«Rivojlangan davlatlarda dizayn-kod keskin o‘zgargan taqdirda, mahalliy hokimiyat tadbirkorlarga moslashish uchun muddat – «o‘tish davri» beradi yoki xarajatlarning bir qismini subsidiya hisobidan qoplaydi. Bizda esa barcha yuklama faqat tadbirkor zimmasiga tushmoqda«, — deydi deputat.

So‘zi yakunida Bekmurodov mas’ul idoralarni noqonuniy xatti-harakatlarni to‘xtatishga va qonuniylikni ta’minlashga chaqirdi. Shuningdek, shahar ma’muriyati biznes bilan buyruqbozlik emas, balki teng huquqli sheriklik va ochiq muloqot asosida ishlashi lozimligi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tashqi reklama va axborot obyektlarini o‘rnatish uchun pasport qanday olinishi haqida qo‘llanma e’lon qilgan edik.