Volfram narxi o‘sishi bo‘yicha oltindan o‘zib ketdi

eʼlon qilindi
Erondagi urush fonida ushbu metall narxi 557 foizga qimmatlashgan
Foto: Investor News

Jahon bozorida volfram metalli taqchilligi yuzaga kelib, uning narxi o‘sish ko‘rsatkichi bo‘yicha oltinni ortda qoldirdi. Xitoy tomonidan eksportning qisqartirilishi hamda Erondagi urush fonida talabning keskin ortishi bunga asosiy sabab bo‘ldi.

2025-yil fevral oyidan boshlab o‘ta zich va qiyin eriydigan volfram metalli qiymati 557 foizga oshgan. Bunga asosiy ishlab chiqaruvchi bo‘lgan Xitoy ushbu mahsulotni eksport nazorati ro‘yxatiga kiritishi va natijada yetkazib berish hajmining qariyb 40 foizga qisqarishi sabab bo‘ldi.

Foto: Elmet Technologies

An’anaviy ravishda volfram metallsozlik, qurilish va aerokosmik sanoatda ishlatiladi. Biroq mudofaa xarajatlarining keskin oshishi bozordagi vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Ta’minot xavfini kamaytirish maqsadida Avstriyaning Plansee Group tarkibidagi Ceratizit hamda Shvetsiyaning Sandvik guruhlari volfram chiqindilari va eskirgan uskunalarni qayta ishlashga o‘tgan.

Arlington Innovation Partners mutaxassisi Devid Argaylning ta’kidlashicha, Ispaniya, Braziliya, Avstraliya va AQShda yangi konlarni ishga tushirish uchun qariyb ikki yil vaqt talab etiladi, bu esa bozor kamida 24 oy davomida taqchillik bosimi ostida qolishini anglatadi.

BMO Capital Markets vakili Jorj Xepell so‘nggi 12 yil ichida birja bozorida volfram bozoridagi kabi kuchli taqchillikni ko‘rmaganini bildirdi.

«Erondagi urush yuz minglab dronlar hamda ularga qarshi raketalar ishtirokidagi zamonaviy urushlarning metallga qanchalik bog‘liqligini ko‘rsatuvchi jiddiy eslatma bo‘ldi», — dedi u.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Olmaliqda qiymati 2,7 mlrd dollarlik 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek