
Xitoyda xotira va yarimo‘tkazgichlar narxi oshgani fonida Oppo, OnePlus va Vivo smartfonlari ham qimmatlashmoqda. Bu haqda Notebookcheck nashri ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Xitoy bozorida Oppo va uning subbrendi OnePlus’ning ayrim modellari narxini oshirganini e’lon qilgan. Shuningdek, Vivo va iQOO ham shunga o‘xshash choralarni ko‘rishga tayyorlanayotgani avvalroq xabar qilingan.
E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Oppo K13 Turbo va K13 Turbo Pro modellari narxi birdaniga $72 ga oshgan. Oppo K13x narxi $58 ko‘tarilgan, K13s va K12s modellari esa $29 ga qimmatlashgan.
OnePlus smartfonlarida ham sezilarli narx o‘sishi kuzatilgan. Xususan, OnePlus 15 va Ace 6 modellari $72 ga oshib, ularning boshlang‘ich narxi mos ravishda $(652 va $450 ni tashkil etmoqda. Ace 6T modeli $376 dan $405 ga ko‘tarilgan, OnePlus Turbo 6 va Turbo 6V esa $29 qimmatlashgan.
Shu bilan birga, Vivo va iQOO kompaniyalari 18-martdan boshlab Xitoyda ayrim modellari narxini oshirishi kutilmoqda. Mutaxassislar yangi avlod flagman smartfonlari, jumladan, Qualcomm’ning 2 nanometrli protsessoriga asoslangan qurilmalar narxi $725 dan boshlanishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Hozircha narx oshishi faqat Xitoy bozoriga taalluqli. Biroq komponentlar qiymati oshishda davom etsa, bu jarayon keyinchalik global smartfon narxlariga ham ta’sir qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharqdagi keskinlik smartfonlar narxini oshirishi mumkinligi haqida yozgan edik.