Avto

Yangi Chevrolet Damas 3’ning versiyalari o‘rtasida qanday farqlar bor

Yangi Damas 3’ning 1.2 LV-0 va 1.5 LV-0 versiyalari
Foto: Avtostrada

Bozorda paydo bo‘lgan yangi Chebvrolet Damas 3 avtomobili ko‘pchilikning qiziqishini uyg‘otmoqda. Ayniqsa, uning 1.2 va 1.5 litrli motorli versiyalari o‘rtasidagi farqlar haydovchilar uchun muhim savollardan biri bo‘lib turibdi. Bir qarashda ikkala avtomobil deyarli bir xil ko‘rinadi, biroq texnik va funksional jihatdan ayrim sezilarli farqlar mavjud.

Quyida Sherxon Nusratulloyev YouTube kanalida yangi Damas 3’ning 1.2 LV-0 va 1.5 LV-0 versiyalarini batafsil solishtirdi.

Asosiy farq — motor va uzatmalar qutisida

Ikkala avtomobil o‘rtasidagi eng katta farq motor va korobkada.

Foto: Videodan olindi

1.2 litrli versiya:

  • 1.2 litr hajmli motor;
  • 4 silindrli, injektor tizimi;
  • 5 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi;
  • 81 ot kuchiga ega.

1.5 litrli versiya:

  • 1.5 litr hajmli motor;
  • 4 silindrli motor;
  • 6 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi;
  • 103 ot kuchiga ega.

Demak, 1.5 versiya kuchliroq motor va qo‘shimcha uzatma pog‘onasi hisobiga tezroq va qulayroq harakatlana oladi. Test natijalariga ko‘ra, 1.5 litrli Damas 3 0 dan 100 km/soat tezlikka taxminan 14 soniyada chiqadi. Miniven turidagi oilaviy avtomobil uchun bu natija yomon emas.

Yonilg‘i sarfi

Ko‘pchilikni qiziqtiradigan yana bir masala – benzin sarfi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ikkala versiya ham aralash siklda 6,5-7 litr atrofida yonilg‘i sarflaydi. Amaliy hayotda esa bu ko‘rsatkich haydash uslubi va yo‘l sharoitiga qarab biroz farq qilishi mumkin.

Foto: Videodan olindi

Ko‘pchilik haydovchilar esa ushbu avtomobilga metan gaz uskunasi o‘rnatishni ham rejalashtirmoqda.

Narxlardagi farq

Yangi Damas 3’ning ushbu ikki versiyasi o‘rtasida narx jihatidan ham sezilarli tafovut bor.

  • 1.5 LV-0 – taxminan 149 million so‘m
  • 1.2 LV-0 – taxminan 139,7 million so‘m

Ya’ni ikki model o‘rtasidagi farq deyarli 10 million so‘mni tashkil qiladi.

Tashqi ko‘rinish deyarli bir xil

Qiziqarli jihati shundaki, avtomobillarning tashqi ko‘rinishi deyarli farq qilmaydi.

Ikkalasida ham:

  • disklar bir xil;
  • kuzov dizayni bir xil;
  • tumanka joylari bir xil;
  • yon ko‘zgular va eshik dastalari bir xil.

Ammo kichik farqlardan biri – orqa oynaning isitish tizimi.

Foto: Videodan olindi
  • 1.5 versiyada orqa oynada isitish (obogrev) mavjud.
  • 1.2 versiyada esa bu funksiya yo‘q.

Kalit va xavfsizlik tizimlari

Yana bir farq avtomobil kalitida ko‘rinadi.

1.2 LV-0:

  • oddiy mexanik kalit.

1.5 LV-0:

  • pultli kalit;
  • markaziy qulf tizimi;
  • zavod signalizatsiyasi.

Bu tizim avtomobilni qulflaganingizdan keyin kimdir eshikni yoki oynani ochsa, signal orqali ogohlantirish beradi.

Salon va o‘rindiqlar

Salon dizayni deyarli bir xil bo‘lsa-da, o‘rindiqlarning rangida farq mavjud.

Foto: Videodan olindi

1.2 versiya:

  • ochroq rangli o‘rindiqlar.

1.5 versiya:

  • qoraroq rangli o‘rindiqlar;
  • dizayni biroz zamonaviyroq ko‘rinadi.

Ko‘pchilik foydalanuvchilar qoraroq rang amaliyroq ekanini ta’kidlaydi, chunki u tez kir bo‘lib ko‘rinmaydi.

Qo‘shimcha xavfsizlik funksiyalari

Chevrolet Damas 3
Foto: Videodan olindi

1.5 litrli versiyada yana bir nechta qo‘shimcha tizim mavjud. Masalan:

Traction Control (antibuksirovka)
Bu tizim g‘ildiraklar aylanishini nazorat qiladi. Agar mashina keskin gaz berganda g‘ildiraklar sirpanishni boshlasa, tizim avtomatik ravishda dvigatel kuchini pasaytiradi.

Shinalar bosimi sensori
Agar shinalardan birining bosimi kamayib ketsa, panelda ogohlantirish paydo bo‘ladi. 1.2 versiyada esa bu funksiyalar mavjud emas.

Salon balandligi

Ko‘pchilik haydovchilar uchun muhim savollardan biri – salonning balandligi.

Taxminan 1.85 metr bo‘yli odam uchun ham avtomobil ichida yetarlicha joy mavjud. Haydovchi o‘rindig‘ida bosh bilan tom orasida taxminan 20 santimetrga yaqin bo‘sh joy qoladi. Bu esa uzoq safarlarda ham qulaylik yaratadi.

Qaysi versiyani tanlash kerak?

Har ikki model ham o‘z segmentida yaxshi variant hisoblanadi. Tanlov asosan haydovchining ehtiyojlariga bog‘liq.

1.2 litrli versiya mos keladi agar:

  • avtomobil asosan shahar ichida ishlatilsa;
  • oilaviy foydalanish uchun kerak bo‘lsa;
  • arzonroq variant qidirilsa.

1.5 litrli versiya mos keladi agar:

  • uzoq masofalarga ko‘p yurilsa;
  • yuk tashish rejalashtirilsa;
  • kuchliroq motor kerak bo‘lsa;
  • qo‘shimcha xavfsizlik funksiyalari muhim bo‘lsa.

Yangi Damas 3’ning 1.2 va 1.5 LV-0 versiyalari tashqi ko‘rinishda o‘xshash bo‘lsa-da, texnik imkoniyatlari va funksiyalarida farq mavjud. 1.5 litrli versiya kuchliroq motor, qo‘shimcha uzatma va xavfsizlik tizimlari bilan ajralib turadi. 1.2 esa arzonroq va oddiyroq variant sifatida ko‘pchilik uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Shu sababli tanlov qilishda foydalanish maqsadi va budjet asosiy rol o‘ynaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi Chevrolet Damas bilan qancha pul ishlash mumkinligi haqida yozgandi.

Shuningdek, Yangi Chevrolet Damas Xitoy originali bilan solishtirilgani haqida ham xabar bergandi.