
Xitoyning SAIC avtomobil ishlab chiqaruvchisi va Huawei kompaniyasi hamkorligida yaratilgan HIMA brendi ostidagi yangi Saic Z7 va Z7T elektromobillari 23-mart kuni rasman sotuvga chiqariladi.
Yangi Saic Z7 va Z7T modellarining asosiy o‘ziga xosligi ularning Huawei texnologiyalari bilan jihozlanganligidir. Avtomobillar Huawei Tuling platformasi va Qiankun intellektual boshqaruv tizimi bilan to‘liq integratsiya qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, elektromobillarning uzunligi 5036 mm dan 5051 mm gacha, kengligi 1976 mm dan 1980 mm gacha, balandligi esa 1445 mm dan 1465 mm gacha bo‘lib, g‘ildirak bazasi 3000 mm ni tashkil etadi.

Xaridorlarga bir va ikki motorli variantlar taklif qilinadi. Bir motorli model 264 kVt quvvatga ega bo‘lib, LFP va uchlamchi litiy-ion batareyalar bilan jihozlangan hamda 220 km/soat maksimal tezlikka erisha oladi. Ikki motorli Ultra versiyasi esa 170 kVt old va 264 kVt orqa motorlarni birlashtiradi va mos ravishda 239 km/soat hamda 242 km/soat maksimal tezlikka erishadi.

Batareyalar CATL yoki CALB kompaniyalari tomonidan yetkazib beriladi. Mutaxassislarning fikricha, Saic Z7 to‘g‘ridan to‘g‘ri Xiaomi SU7 modeliga raqobat qilish uchun mo‘ljallangan. Saic Z7 ning CLTC standarti bo‘yicha maksimal yurish masofasi 905 km ni tashkil etadi, bu esa Xiaomi SU7 ning 902 km ko‘rsatkichidan biroz yuqori. Shuningdek, dizayn jihatidan Z7 modelining Xiaomi SU7 ga o‘xshashligi e’tiborga molik.


SAIC va Huawei hamkorligi 2025-yil may oyida boshlangan bo‘lib, ularning birinchi modeli Saic H5 sotuvlari past ko‘rsatkichlarni qayd etgan. Fevral oyida atigi 2,7 ming dona Saic H5 sotilgan. Yangi Z7 va Z7T modellarining qisqa vaqt ichida taqdim etilishi, ularning avvalgi SAIC platformalariga asoslangan bo‘lishi mumkinligi haqida taxminlarni keltirib chiqarmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi yangi SU7 elektromobilini chiqarishga tayyorlanayotgani haqida xabar bergan edi.