
BYD kompaniyasining mashhur elektromobili Atto 3 yangilangan versiyada Xitoy sanoat vazirligi bazasida paydo bo‘ldi. CarNewsChina’ga ko‘ra, model kattaroq kuzov va orqa g‘ildirakdan tortuvchi yangi platforma bilan taqdim etiladi.
Yangilangan model Xitoyda Yuan Plus nomi bilan sotiladi. Avtomobil bitta elektromotor bilan jihozlanadi. Dvigatelning ikki xil quvvat varianti bor: 200 kVt va 240 kVt. Mashinaning maksimal tezligi 190 km/soatga yetadi.

Elektromobil BYD kompaniyasining litiy-temir-fosfat turidagi batareyasi bilan ishlaydi. Batareya sig‘imi hujjatlarda ko‘rsatilmagan. Xitoy OAVlariga ko‘ra, model yangi avlod Blade batareyasi va tezkor zaryadlash texnologiyasini ham olishi mumkin.
Yangilangan Atto 3’ning o‘lchamlari ham kattalashgan. Avtomobil uzunligi 4665 mm, eni 1895 mm, balandligi 1675 mm bo‘ladi. G‘ildirak bazasi 2770 mmni tashkil etadi.
Tashqi dizaynda ham o‘zgarishlar bor. Old qismi yangilangan, faralar ingichkaroq shaklga ega. Old bamperda vertikal havo kirish teshiklari paydo bo‘lgan. Orqa qismida esa butun kenglik bo‘ylab joylashgan chiroqlar o‘rnatilgan.

Model 18 va 19 dyuymli g‘ildiraklar bilan taklif qilinadi. Yarim yashirin eshik tutqichlari va ikki rangli kuzov variantlari ham mavjud bo‘ladi.
BYD Atto 3 kompaniyaning eng ko‘p eksport qilinadigan elektromobillaridan biri hisoblanadi. U Yevropa, Janubi-Sharqiy Osiyo va Avstraliya bozorlarida ham sotiladi.
Mutaxassislar yangi orqa g‘ildirakdan tortuvchi platforma modelning texnik imkoniyatlarini sezilarli darajada yaxshilashi mumkinligini ta’kidladi. Yangilangan Atto 3’ning sotuvlari Xitoyda yil o‘rtalarida boshlanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BYD Seal 06 universal modeli 210 km elektr yurish zaxirasi bilan chiqishi haqida xabar berilgandi. Model 1,5 litrli benzin dvigateli va elektromotor kombinatsiyasidan iborat gibrid tizim bilan jihozlanadi. Benzin dvigateli 74 kVt, elektromotor esa 175 kVt quvvat ishlab chiqaradi.