1-apreldan ko‘chmas mulk va avtomobil savdosida yangi tartib joriy etiladi

eʼlon qilindi
Ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifasidagi transport vositalari hamda maxsus texnikalarni sotish jarayonida
Foto: Glotr

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk hamda ayrim transport vositalarini sotish va xarid qilish jarayonida hisob-kitoblarni bank orqali amalga oshirish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Yangi tartibga ko‘ra, endilikda oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishda tomonlar o‘rtasidagi to‘lovlar bank va notariuslar o‘rtasidagi elektron axborot almashinuvi orqali tasdiqlanadi.

Ushbu tartib Prezidentning 2025-yil 10-dekabrdagi naqd pulsiz to‘lovlarni kengaytirish va yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishga qaratilgan farmoni asosida joriy etilmoqda. Adliya vazirligi esa banklar hamda notariuslar o‘rtasidagi elektron ma’lumot almashish mexanizmini belgilovchi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Yangi tizim 2026-yil 1-apreldan kuchga kiradi. Shundan boshlab ko‘chmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifasidagi transport vositalari hamda maxsus texnikalarni sotish jarayonida to‘lovlar bank orqali tasdiqlanishi talab etiladi.

Jarayonga ko‘ra, xaridor yoki uning vakili bankka murojaat qilib, shartnoma uchun kelishilgan mablag‘ni maxsus eskrou hisobvarag‘iga joylashtiradi. Agar xarid kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsa, bank bu haqda notariusga elektron tarzda xabar yuboradi.

Shundan so‘ng tomonlar notariusga murojaat qilib, oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtiradi. Notarius esa elektron tizim orqali eskrou hisobvarag‘ida mablag‘ mavjudligini tekshiradi va shartnomani tasdiqlaydi.

Bitim rasmiylashtirilgach, mablag‘lar sotuvchining bank hisobiga o‘tkaziladi yoki uning talabiga binoan naqd shaklda berilishi mumkin.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistondagi «zapravka»larda 1-apreldan benzin faqat karta orqali sotilishi haqida yozgandi.

Shuningdek