Gadjetlar

Apple yana ikki iPhone modelini eskirgan qurilmalar safiga qo‘shdi

iPhone 5 hamda 8 GB xotirali iPhone 4 modelini
Компания Apple
Foto: Laurenz Heymann / Unsplash

Apple kompaniyasi o‘zining rasmiy ro‘yxatini yangilab, yana ikki smartfon — iPhone 5 hamda 8 GB xotirali iPhone 4 modelini eskirgan qurilmalar qatoriga kiritdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Mazkur qaror 16-mart kuni e’lon qilingan bo‘lib, kompaniya siyosatiga ko‘ra, sotuvdan olib tashlanganiga yetti yildan oshgan qurilmalar eskirgan deb topiladi. Bunday mahsulotlar endilikda rasmiy servis markazlarida ta’mirlanmaydi.

iPhone 5 2012-yilda taqdim etilgan bo‘lib, u Stiv Jobs vafotidan keyin chiqarilgan ilk iPhone modeli sifatida tarixga kirgan. Ushbu qurilma avvalroq vintaj ro‘yxatiga kiritilgan va ehtiyot qismlar mavjud bo‘lgandagina ta’mirlanib kelgan.

8 GB’li iPhone 4 esa 2011-yilda chiqarilgan bo‘lib, keyinchalik arzonroq variant sifatida bozorga taklif qilingan. U 2013-yilda ishlab chiqarishdan butunlay olib tashlangan.

Manbalarga ko‘ra, har ikki model uzoq vaqt davomida rivojlanayotgan davlatlar bozorlarida sotilgani sababli ularni eskirgan qurilmalar ro‘yxatiga kiritish kechroq amalga oshirilgan.

Avvalroq, 2025-yilda ham Apple bir qator qurilmalarni, jumladan Mac Pro (2013), MacBook Air (2019) va iPad Pro (2018) modellarini eskirgan mahsulotlar qatoriga qo‘shgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone 19e modeli qanday ekran bilan taqdim etilishi haqida yozgandi.