
Rossiyaning Kaliningrad shahridagi Avtotor zavodida Tank 300 premium yo‘ltanlamasini kontrakt asosida ishlab chiqarish boshlanadi. Mazkur loyiha doirasidagi dastlabki avtomobillar konveyerdan 2026-yilning ikkinchi choragida chiqishi rejalashtirilgan.
Great Wall Motor Russ va Avtotor kompaniyalari o‘rtasida imzolangan strategik kelishuv Rossiya bozorida brend mavqeyini mustahkamlashga qaratilgan. Hamkorlik doirasida ishlab chiqarish texnologiyalarini bosqichma-bosqich chuqurlashtirish va mahalliylashtirish darajasini oshirish ko‘zda tutilgan.

«Ushbu strategik hamkorlik Tank 300 yo‘ltanlamaslarining rossiyalik avtoishqibozlar uchun ochiqligini ta’minlash imkonini beradi», – dedi «Great Wall Motor Russ» MChJ prezidenti Chjan Szyunsyue.
Yangi model to‘rt xil komplektatsiyada: Drive, Premium, City Drive va City Premium variantlarida taqdim etiladi. Avtomobillar 2 litr hajmli, 218 ot kuchi va 380 Nm aylanma lahzaga ega dvigatel bilan jihozlanadi. Agregat 8 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan juftlikda ishlaydi. Shuningdek, xaridorlar salon bezagining ikki xil va eksteryer rangining besh xil variantidan birini tanlash imkoniga ega bo‘ladilar.
«Avtotor Avto Xolding» MChJ prezidenti va bosh direktori Yevgeniy Petuxovning ta’kidlashicha, ishlab chiqarish 2026-yilning aprel – iyun oylariga mo‘ljallangan. Zavod konveyeridan chiqqan barcha Tank 300 modellari GWM konserni standartlari bo‘yicha kompleks sifat tekshiruvidan o‘tkaziladi. Avtomobillar rasmiy dilerlik tarmog‘i orqali sotiladi va ularga to‘liq kafolat hamda servis xizmatlari ko‘rsatiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangilangan TANK 300 2026 qanday imkoniyatlarni olishi haqida xabar bergan edi.