
O‘zbekistonda davlat aktivlarini xususiylashtirish va ijaraga berish tartibini soddalashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘llari bo‘yida zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmualari va servis obyektlarini, jumladan joylashtirish vositalari hamda savdo-ko‘ngilochar markazlarni master-reja asosida joylashtirish tartibi belgilandi.
Bunda bo‘sh yer uchastkalarini elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha Prezident qarori asosida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qarori prezident bilan kelishilgan holda yer toifasini o‘zgartirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, davlat ko‘chmas mulk obyektini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan xaridor uchun yer solig‘ini hisoblash tartibi aniq belgilandi. Agar obyekt «tasarruf etish huquqisiz» belgisi bilan davlat orderi asosida berilgan bo‘lsa, yer maydoni xaridor tomonidan amalga oshirilgan to‘lov ulushiga mutanosib ravishda yuridik shaxslar uchun yer solig‘i bazasi sifatida belgilanadi.
Bunda soliqlar davlat ko‘chmas mulk obyektini sotib olish bo‘yicha to‘lovlar jadvaliga muvofiq undiriladi. Mazkur jadval Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Soliq qo‘mitasiga axborot tizimlari orqali taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bojxona nazorati jarayonlari uchun yangi hujjat shakllari tasdiqlangan edi.