Yangiliklar

Dollar yana 12 100 so‘mdan oshdi, Samsung Galaxy S26 Ultra egalariga kompensatsiya taklif qilmoqda — 17-mart kungi yangiliklar dayjesti

Yangiliklarning muhimlari
Dollar hafta davomida qanday o‘zgarish ko‘rsatdi
Foto: Depositphotos

Kursiv Uzbekistan 17-mart kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi.

O‘zbekiston Eronga insonparvarlik yordamini jo‘natdi

16-mart kuni O‘zbekiston Eron xalqini qo‘llab-quvvatlash maqsadida insonparvarlik yordami yubordi. Ma’lum qilinishicha, yordam karvoni tarkibiga bir qator oziq-ovqat mahsulotlari kiritilgan. Jumladan, un, guruch, shakar, makaron, kungaboqar yog‘i hamda turli konservalar yuborilgan. Bundan tashqari, insonparvarlik yukiga dori-darmonlar va tibbiy vositalar ham qo‘shilgan.

1-apreldan ko‘chmas mulk va avtomobil savdosida yangi tartib joriy etiladi

Foto: Glotr

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk hamda ayrim transport vositalarini sotish va xarid qilish jarayonida hisob-kitoblarni bank orqali amalga oshirish tartibi tasdiqlandi.

Yangi tartibga ko‘ra, endilikda oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishda tomonlar o‘rtasidagi to‘lovlar bank va notariuslar o‘rtasidagi elektron axborot almashinuvi orqali tasdiqlanadi.

Izmirda o‘zbekistonlik ayol to‘rtinchi qavatdan qulab tushdi

Turkiyaning Izmir shahrida yashab kelayotgan Namangan viloyatida tug‘ilgan 22 yoshli Sevdora Hakimjonova ko‘p qavatli uyining to‘rtinchi qavatidan qulab tushgan.

Hozirda jabrlanuvchi davlat shifoxonasida davolanmoqda. Shifokorlar uning ahvolini og‘ir deb baholagan.

Samsung Galaxy S26 Ultra egalariga 250 dollargacha kompensatsiya taklif qilmoqda

Samsung Galaxy S26 Ultra’da yangi Ocean Mode paydo bo‘ldi
Foto: Sammobile

AQShda Samsung Galaxy S26 Ultra xaridorlari kompaniya qo‘llab-quvvatlash xizmati ularga pul taklif qilayotganini aytmoqda. Agar foydalanuvchi smartfonni qaytarmaslikka rozi bo‘lsa, Samsung $250 gacha kompensatsiya berishi mumkin.

Foydalanuvchilar buning uchun support xizmatiga murojaat etib, qurilmadan norozi ekanini bildirganini aytmoqda. Shundan so‘ng ularga pul taklif qilingan.

Yaqin Sharqdagi urush fonida Bahrayn va Saudiya Arabistonidagi Formula-1 poygalari bekor qilindi

Formula-1. Lando Norris
Foto: Formula 1

Formula-1’ning 2026-yil taqvimida Bahrayn va Saudiya Arabistonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan poygalar bekor qilindi. Bu haqda Sky Sports xabar berdi.

Unga ko‘ra, qaror Yaqin Sharqdagi urush sabab qabul qilindi. Dastlab Bahrayndagi poyga 10 – 12-aprel kunlari, Saudiya Arabistonidagi bosqich esa 17 – 19-aprel kunlari o‘tkazilishi kerak edi. Biroq mintaqadagi vaziyat xavfli bo‘lgani sabab mazkur musobaqalar o‘tkazilmaydigan bo‘ldi.

Toshkentda yangi uylar narxi 11,5 foizga oshdi: eng qimmati Mirobod tumanida

Ko‘chmas mulk
Foto: Rupor.md

Toshkent shahrida yangi uy-joylar bozorida bir kvadrat metrning o‘rtacha narxi o‘tgan yilning fevral oyiga nisbatan 11,5 foizga o‘sdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi.

Markaz hisobotiga ko‘ra, fevralda uy-joy oldi-sotdi bitimlari qariyb 4 foizga oshib, 29,7 mingtaga yetdi. O‘tgan yildagiga nisbatan esa bitimlar soni 32,4 foizga ko‘paydi.

Dollar yana 12 100 so‘mdan oshdi: 18-mart uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

18-mart uchun valyutalar kursi e’lon qilindi
Foto: depositphotos

18-mart uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar 37,79 so‘mga oshib, 12 129,01 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi. Markaziy bank ham o‘z saytida e’lon qildi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 124,53 so‘mga oshib, 13 968,98 so‘mni, rubl 1,17 so‘mga tushib, 147,99 so‘mni tashkil qildi.

Toshkent havosi ifloslanishi normadan 11 baravar oshib ketdi

Foto: Toshkent shahar hokimligi

17-mart soat 09:22 holatiga ko‘ra, Toshkent shahri havosining ifloslanish darajasi sezilarli darajada oshib, AQI indeksi bo‘yicha 148 darajani tashkil qildi. Asosiy ifloslantiruvchi modda bo‘lgan PM2.5 konsentratsiyasi JSST yillik normasidan 10,9 baravar oshib ketgan.

Dunyodagi eng iflos shaharlar reytingini Hindistonning Dehli shahri 229 ko‘rsatkich bilan boshqarib turibdi. Ikkinchi o‘rindagi Qirg‘izistonning Bishkek shahri ko‘rsatkichi 211 ni tashkil qilsa, kuchli uchlikni 197 ko‘rsatkich bilan Xitoyning Pekin shahri yopib bergan. O‘zbekiston poytaxti Toshkent ushbu ro‘yxatda Janubiy Koreyaning Seul shahridan keyin 8-o‘rinda joylashgan.

Toshkent shahrida «Aqlli» bekatlar o‘rnatiladi

Toshkent shahrida jamoat transporti tizimini modernizatsiya qilish doirasida «Aqlli» bekatlar joriy etiladi. Innovatsion bekatlarda yo‘lovchilar xavfsizligi va qulayligiga asosiy e’tibor qaratilgan. Bu haqda Toshkent shahri Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar bermoqda.

Yangi bekatlarning har biri markazlashgan kuzatuv tizimiga ulangan ikkita videokamera bilan jihozlanadi. Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda foydalanish uchun maxsus SOS tugmalari o‘rnatiladi. Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun alohida qulayliklar yaratilib, maxsus kutish joylari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Kredit va mikroqarz reklamalarida majburiy ogohlantirish joriy etiladi

Mikroqarz
Foto: Pexels.com

Oliy Majlis deputatlari «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirish kiritishni ikkinchi o‘qishda qabul qildi. Unga ko‘ra, kredit va mikroqarz reklamalarida qarzni to‘lay olmaslik xavfi haqida majburiy ogohlantirish berilishi qat’iy belgilandi.

Yangi talabga asosan, aholiga taklif etiladigan moliya mahsulotlari reklamasida qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida ogohlantiruvchi matn joylashtirilishi shart. Ushbu ogohlantirish reklama hajmi yoki namoyish vaqtining kamida 10 foizini tashkil etishi talab qilinadi.

Soliq qarzi 1 mln so‘mdan oshgan fuqarolar elektrsiz qoladi

Foto: SDR

O‘zbekistonda soliq qarzi 1 mln so‘mdan oshgan fuqarolarga elektr to‘loviga cheklov joriy etiladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha umumiy qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshgan taqdirda, elektr energiyasi to‘lovlariga cheklov qo‘yish amaliyoti tatbiq etiladi. Mazkur tizimni amalga oshirish uchun «Soliq billing» axborot tizimi ishlab chiqilgan.

Tojikistonda ham Ramazon hayiti sanasi e’lon qilindi

Tojikistonda Ramazon hayiti sanasi e’lon qilindi
Foto: Indy Guide

Tojikiston olimlar kengashi yig‘ilish o‘tkazib, Ramazon oyining davomiyligi va bayram kunini belgiladi. Bu haqda Tojikiston Diniy ishlar va an’analar, tantanalar hamda marosimlarni tartibga solish qo‘mitasiga tayanib, Asia-Plus nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, 2026-yilda muqaddas Ramazon oyi 29 kun davom etadi va Hayit bayrami 20-mart kuni nishonlanadi.