Eron JCh oʻyinlari joyini koʻchirish boʻyicha FIFA bilan muzokara olib bormoqda

17-mart 2026 17:53 eʼlon qilindi

(18-mart 2026 15:04 yangilandi)
Mirjalol Norqobilov

Mirjalol Norqobilov

Yangiliklar muharriri m.norqobilov@kursiv.media
Foto: O‘FA

Eron futbol federatsiyasi Jahon chempionatida milliy terma jamoa oʻyinlarini AQShdan Meksikaga koʻchirish masalasini FIFA bilan muhokama qilmoqda. Bu haqda Reuters agentligi mamlakat federatsiyasi rahbari Mehdi Tojga tayanib xabar berdi.

Unga koʻra, qaror jamoa xavfsizligi bilan bogʻliq xavotirlar fonida koʻrib chiqilmoqda.

«AQSh prezidenti Donald Tramp Eron terma jamoasi xavfsizligini toʻliq kafolatlay olmasligini aytdi. Shunday ekan, biz Amerikaga bormasligimiz mumkin. Hozir FIFA bilan oʻyinlarni Meksikada oʻtkazish boʻyicha muzokara olib boryapmiz», – dedi u.

Avvalroq Tramp Eron jamoasining turnirda ishtiroki mumkinligini tan olgan, biroq xavfsizlik nuqtayi nazaridan AQShda oʻynashi maqsadga muvofiq emasligini bildirgan edi. Shu bilan birga, Yaqin Sharqdagi keskinlik va AQSh ishtirokidagi harbiy harakatlar fonida Eronning turnirdagi ishtiroki ham savol ostida qolmoqda.

Biroq Osiyo futbol konfederatsiyasi Eron turnirdan chiqmaganini ma’lum qildi. Tashkilot bosh kotibi Vindsor Jonning aytishicha, hozircha federatsiya jamoaning Jahon chempionatida ishtirok etishini tasdiqlagan.

«Ular bizning a’zomiz. Biz ularning oʻynashini xohlaymiz. Bizga ma’lum boʻlishicha, Eron Jahon chempionatida ishtirok etadi. Turli fikrlar aytilmoqda, yakuniy qarorni esa aynan federatsiya qabul qiladi», – dedi u.

Ma’lumot uchun, 2026-yilgi Jahon chempionati 11-iyundan start oladi. Musobaqa AQSh, Meksika va Kanada mezbonligida oʻtkaziladi. Dastlabki rejaga koʻra, Eron «G» guruhida Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya bilan oʻynashi kerak edi. Jamoa ikki uchrashuvni Los-Anjelesda, bittasini esa Sietlda oʻtkazishi belgilangan.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonning Jahon chempionatidagi raqibi oʻzgarishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek