Farg‘onada korrupsiya ishi: elektr tarmoqlari muhandisi pora bilan ushlandi

Farg‘ona viloyatida elektr tarmoqlari muhandisi poraxo‘rlik jinoyati bilan qo‘lga olindi. Agar jinoyat amalga oshganida, davlat byudjetiga salkam 1,6 mlrd so‘mlik zarar yetishi mumkin edi.
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJning «Energosavdo» filialining Farg‘ona bo‘linmasi muhandisi xizmat mavqesidan foydalangan holda, O‘zbekiston tumanida yashovchi 1962-yilda tug‘ilgan fuqaroning xonadon va shaxsiy bog‘chadagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati bo‘yicha rasmiylashtirilgan dalolatnoma asosida hisoblangan 1,8 mlrd so‘m jarimani 210 mln so‘mga tushirib berish evaziga $10 ming talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, muhandis talab qilingan pullarning $9 ming miqdorini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda FVB inspektori olgan porasini qaytarayotgan vaqtida ushlangan edi.