Avto

Geely yangi Galaxy Starshine 7 modelini qariyb Cobalt narxida chiqaradi

Yonilg‘i sarfi esa 100 km ga taxminan 2 litrni tashkil etadi
Geely Galaxy Starshine 7
Foto: CarNewsChina

Geely yangi Galaxy Starshine 7 PHEV sedanini taqdim etdi. CarNewsChina’ga ko‘ra, model to‘liq g‘ildirakdan tortish tizimi bilan jihozlangan.

Yangi avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 5,4 soniyada chiqadi. Yonilg‘i sarfi esa 100 km ga taxminan 2 litrni tashkil etadi. Model Arktika hududida sovuq ob-havo sinovlaridan o‘tgan va tez orada sotuvga chiqadi.

Foto: CarNewsChina

Starshine 7 salonida katta sensor ekran va raqamli panel o‘rnatilgan. Markaziy konsolda zamonaviy interfeys bor. Rul ortida uzatma selektori, simsiz zaryadlash va fizik tugmalar ham mavjud.

Avtomobil G-Pilot H3 yordamchi haydovchi tizimi bilan jihozlangan. Unda 11 ta kamera va 3 ta radar bor. Tizim shaharda va trassada avtopilot funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek avtomatik parkovka mavjud.

Foto: CarNewsChina

Yangi sedan 1,5 litrli benzin dvigateli bilan taklif etiladi. U 110 ot kuchiga ega. Batareya variantlari 18,99 kVt/soat va 28,3 kVt/soat bo‘ladi. Elektr yurish zaxirasi 115 dan 165 km gacha yetadi.

Model o‘lchamlari 4958 mm uzunlik, 1915 mm kenglik va 1505 mm balandlikni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 2852 mm. Bu model Toyota Camry’dan biroz uzunroq.

Foto: CarNewsChina

Narxi hali rasman e’lon qilinmagan. Ammo taxminan $14,5 mingdan $21,7 minggacha bo‘lishi kutilmoqda. Bu deyarli O‘zbekistondagi yangi Chevrolet Cobalt Midnight MCM narxiga yaqin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Olmaota shahrida qishki sharoitda Zeekr X va Geely Galaxy EX5 elektromobillarining yurish zaxirasi sinovdan o‘tkazilgandi. Natijada Geely Galaxy EX5 bir zaryadda 276,5 km yo‘l bosdi. Zeekr X esa 237 km.da to‘xtadi.