
Hyundai kompaniyasi 2026-yilgi Hyundai Palisade modelining ayrim versiyalari savdosini vaqtincha to‘xtatdi va 68,5 mingta avtomobilni qaytarib olish jarayonini boshlashini e’lon qildi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Qaror AQShning Ogayo shtatida 7-mart kuni sodir bo‘lgan fojiali hodisadan so‘ng qabul qilingan. Hodisa oqibatida yosh bola halok bo‘lgan. Kompaniya voqea tafsilotlari hali to‘liq aniqlanmaganini va tergov davom etayotganini ma’lum qildi.
Qaysi avtomobillar muammoga duch kelgan
Muammo ikkinchi va uchinchi qatordagi elektr o‘rindiqlar tizimi bilan bog‘liq. Ushbu tizim ayrim holatlarda o‘rindiq oldida odam yoki buyum borligini to‘liq aniqlay olmaydi.
Chaqirib olish quyidagi modellarni qamrab oladi:
- Hyundai Palisade Limited;
- Hyundai Palisade Calligraphy.
Jami qaytarib olinayotgan avtomobillar:
- AQShda — 60 515 ta;
- Kanadada — 7 967 ta.
Kompaniya qanday choralar ko‘rmoqda
Hyundai hozirda chaqirib olish bo‘yicha yakuniy hujjatlarni tayyorlab, ularni National Highway Traffic Safety Administration (NHTSA)ga taqdim etishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, kompaniya muammoni bartaraf etish uchun dasturiy yangilanish ishlab chiqmoqda. Dastlabki OTA (over-the-air) yangilanishi mart oyining oxirigacha taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Yangilanish quyidagilarni yaxshilashi kerak:
- o‘rindiqlar tizimining odam yoki buyum bilan kontaktda tezroq javob berishi;
- qo‘shimcha xavfsizlik himoyalari;
- tizimning umumiy ishlash xavfsizligi.
Avtomobil egalari ogohlantirilmoqda
Kompaniya avtomobil egalari bilan telefon, elektron pochta va boshqa aloqa vositalari orqali bog‘lanib, o‘rindiqlardan foydalanishda ehtiyot bo‘lishni tavsiya qilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Hyundai Palisade asosan oilaviy avtomobil sifatida tanilgan model bo‘lgani uchun bunday hodisa ko‘plab ota-onalarni xavotirga solgan.
Hyundai muammoni tezroq hal qilish va barcha zararlangan avtomobillarni ta’mirlash ustida ish olib borayotganini bildirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toyota 550 mingdan ortiq krossoverlarini qaytarib olayotgani haqida yozgandi.