Isroil Eron milliy xavfsizlik kengashi kotibi Ali Larajoniy o‘ldirilganini e’lon qildi

Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larajoniy va Basij kuchlari qo‘mondoni G‘ulomrizo Sulaymoniy havo zarbasi oqibatida halok bo‘lganini bildirdi. Eron rasmiylari hozircha o‘lim holatini tasdiqlamadi.
Isroil harbiy rasmiylari Larajoniy tungi hujumning asosiy nishoni bo‘lganini tasdiqladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u o‘g‘li bilan birga yashiringan xonadonda hujumga tutilgan. Mudofaa vaziri Kats ushbu operatsiyani yuqori baholab, Eron rahbariyatidagi «kadrlar almashinuvi» tezlashishini kinoya bilan qayd etdi.
Ali Larajoniy Eron siyosiy tizimidagi eng nufuzli shaxslardan biri hisoblangan. U 2008-yildan 2020-yilga qadar Eron parlamenti spikeri lavozimida faoliyat yuritgan. Shuningdek, u uzoq yillar davomida mamlakatning yadroviy dasturi bo‘yicha bosh muzokarachi bo‘lgan va oliy rahbar Ali Xomanaiyning yaqin maslahatchisi sanalgan.
Basij ko‘ngillilar korpusi qo‘mondoni G‘ulomrizo Sulaymoniy ham xuddi shu tungi operatsiyalar doirasida yo‘q qilingan. Ali Larajoniy 2025-yil avgust oyida prezident Mas’ud Pezeshkiyan tomonidan xavfsizlik kengashiga tayinlangan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Eron oliy rahnamosi haqidagi ma’lumot uchun mukofot puli e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.