Yangiliklar

Izmirda o‘zbekistonlik ayol to‘rtinchi qavatdan qulab tushdi

Shifokorlar uning ahvolini og‘ir deb baholagan
Foto: Tekce

Turkiyaning Izmir shahrida yashab kelayotgan Namangan viloyatida tug‘ilgan 22 yoshli Sevdora Hakimjonova ko‘p qavatli uyining to‘rtinchi qavatidan qulab tushgan. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

Hozirda jabrlanuvchi davlat shifoxonasida davolanmoqda. Shifokorlar uning ahvolini og‘ir deb baholagan.

Foto: O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi 

Ma’lum qilinishicha, u Namangan viloyatining Chust tumanida o‘tkazilgan marosim orqali Turkiya fuqarosi bilan imom nikohi asosida turmush qurgan, biroq nikoh rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. Keyinchalik juftlik Turkiyaga ko‘chib, Izmirda kuyovning qarindoshlari bilan birga yashab kelgan.

Qayd etilishicha, turmush o‘rtog‘i ham jabrlanuvchi kabi eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxs hisoblanadi.

Mazkur hodisa yuzasidan Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlash maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda, to‘plangan materiallar prokuratura tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri Turkiyada o‘ldirilgan yana bir ayolning jasadi O‘zbekistonga olib kelingani haqida yozgandi.