Kredit va mikroqarz reklamalarida majburiy ogohlantirish joriy etiladi

eʼlon qilindi
Endilikda qarz majburiyatlari haqidagi ogohlantirish reklama vaqti yoki maydonining kamida 10 foizini egallashi shart
Foto: Pexels.com

Oliy Majlis deputatlari «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirish kiritishni ikkinchi o‘qishda qabul qildi. Unga ko‘ra, kredit va mikroqarz reklamalarida qarzni to‘lay olmaslik xavfi haqida majburiy ogohlantirish berilishi qat’iy belgilandi.

Yangi talabga asosan, aholiga taklif etiladigan moliya mahsulotlari reklamasida qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida ogohlantiruvchi matn joylashtirilishi shart. Ushbu ogohlantirish reklama hajmi yoki namoyish vaqtining kamida 10 foizini tashkil etishi talab qilinadi.

Mutasaddilarga ko‘ra, ayni paytda mikroqarzlarni reklama qilishda iste’molchilarning e’tibori, asosan, mablag‘ni tez va oson olish imkoniyatiga qaratilmoqda. Bunday yondashuv kelgusida fuqarolar uchun yuqori moliyaviy yuklama va majburiyatlarni keltirib chiqarishi ehtimoli mavjud.

Ushbu o‘zgarishlar mamlakatda tijorat tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, yuridik shaxslarning eskirgan tashkiliy-huquqiy shakllarini tugatish va korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy etish islohotlari doirasida amalga oshirilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan banklarda avtokredit va mikroqarzlar bo‘yicha foiz stavkalari yuqorilagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek