O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 5 yilda uch baravar oshib, 19 mlrd dollarga yetdi

O‘zbekistonda so‘nggi 5 yil ichida chet eldan kelayotgan pul o‘tkazmalari uch baravar oshdi. 2025-yilda bu ko‘rsatkich $18,9 mlrdga yetdi.
Markaziy bank tahliliga ko‘ra, o‘zbekistonliklar asosan Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya va Turkiyada ishlaydi. So‘nggi yillarda Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlardan kelayotgan o‘tkazmalar ham oshmoqda.
Xususan, Buyuk Britaniyadan 39%, Yevropa Ittifoqidan 37%, AQSh va Janubiy Koreyadan 15% o‘sish kuzatilgan.
2020-2025-yillarda rivojlangan mamlakatlar va ayrim Osiyo
davlatlaridan O‘zbekistonga kelib tushgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi (mln dollar)

O‘rtacha o‘tkazma va ish haqi omili
Migratsiyaning asosiy sababi ish haqi farqida. Rivojlangan davlatlarda maosh yuqori bo‘lgani uchun migrantlar oqimi kuchli.
Eng yuqori o‘rtacha ish haqi asosan Yevropa (Shveytsariya, Germaniya, Niderlandiya), Shimoliy Amerika (AQSh, Kanada), shuningdek Avstraliya, Yaponiya va Janubiy Koreyada qayd etiladi.
2024-2025 yillarda mamlakatlardagi oylik ish haqlari to‘g‘risida (dollar ekv)

O‘zbekistonda bir kishiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha yillik pul o‘tkazmasi $2 mingdan $4 minggacha baholanmoqda.
Pul o‘tkazmalarida yangi trendlar
2025-yilda pul o‘tkazmalarida raqamli kanallar keskin oshdi. An’anaviy tizimlar ulushi 52 foiz ($9,9 mlrd)ni tashkil etdi. P2P o‘tkazmalar esa 46 foiz ($8,6 mlrd)ga yetib, tez sur’atda o‘sdi.
O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 2024-yilga nisbatan 5 foizga ($138,4 mln) qisqarib, $2,7 mlrdni tashkil qildi.
Valyuta operatsiyalari ham oshdi
2025-yilda valyuta oldi-sotdi operatsiyalari hajmi $33,6 mlrdga yetdi. Bu 2024-yilga nisbatan 32% ko‘p.
Banklar aholiden sotib olgan valyuta hajmi sotilganidan $9,7 mlrdga ko‘p bo‘ldi. Bu ichki valyuta bozorida taklif oshganini anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank pul o‘tkazmalarida operatsiya maqsadini ko‘rsatish bo‘yicha takliflar so‘ragandi.
Xabarnomada qayd etilishicha, mobil ilovalarda P2P o‘tkazmalarida operatsiya maqsadini ko‘rsatish funksiyasini joriy etishda banklarning texnik imkoniyatlari, mobil ilovalar arxitekturasi hamda foydalanuvchi interfeysi qulayligi inobatga olinadi.