O‘zbekistonlik olimlar havo va suvni tozalovchi yangi material ishlab chiqdi

eʼlon qilindi
Yangi aerogelning qo‘llanish doirasi faqat ekologiya bilan cheklanib qolmaydi
Foto: O‘zRFA

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi olimlari havodagi zararli gazlar hamda suvdagi og‘ir metall moddalarni tozalash imkonini beradigan yangi turdagi o‘ta yengil material yaratdi. Bu haqda akademiya matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi ishlanma akademiya tarkibidagi Umumiy va noorganik kimyo instituti hamda Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti mutaxassislari hamkorligida ishlab chiqilgan. Olimlar yaratgan gibrid aerogel nanosellyuloza asosida tayyorlangan bo‘lib, u ekologik toza va qayta tiklanadigan xomashyodan olinadi.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, materialning g‘ovak tuzilmasiga maxsus metall-organik birikmalar joylashtirilgan. Shu sababli u havodagi karbonat angidrid gazini ushlab qolish hamda suv tarkibidagi og‘ir metall ionlari va zararli bo‘yoqlarni o‘ziga singdirish xususiyatiga ega.

Yangi aerogelning qo‘llanish doirasi faqat ekologiya bilan cheklanib qolmaydi. Mutaxassislar uni qurilish sohasida ham samarali issiqlik izolyatsiyasi materiali sifatida ishlatish mumkinligini ta’kidladi. Uning past issiqlik o‘tkazuvchanligi binolarda energiya yo‘qotilishini kamaytirishga yordam beradi.

Bundan tashqari, materialning nanog‘ovak tuzilmasi tovush to‘lqinlarini yutish xususiyatiga ega bo‘lib, bino va inshootlarda akustik qulaylikni ta’minlashda ham foydali bo‘lishi mumkin.

Olimlar yangi kompozit aerogel juda yengil bo‘lishiga qaramay yuqori mustahkamlikka ega ekanini, mexanik ta’sirlarga chidamli bo‘lib, yuqori harorat sharoitida ham o‘z xususiyatlarini saqlab qolishini ta’kidlashmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan olimlar rulda nima qilish xavfli ekanligini ogohlantirgani haqida yozgandi.

Shuningdek