Xavfsizlik

O‘zbekistonning 2030-yilgacha kiberxavfsizlik strategiyasi: firibgarlarga qiyin bo‘ladi, mijozlar pullari qaytariladi

Firibgarlarga qarshi kurash doirasida messenjerlarni bloklash rejalashtirilmagan
O‘zbekistonning 2030-yilgacha kiberxavfsizlik strategiyasi / Foto: Depositphotos

O‘zbekistonda 2030-yilga qadar kiberxavfsizlik strategiyasini tasdiqlandi. Mutaxassislar va Ichki ishlar vazirligi vakillari Sputnik matbuot markazida o‘tkazilgan konferensiyada bu strategiyaning banklar faoliyatiga qanday ta’sir qilishini tushuntirdi. Kursiv Uzbekistan ushbu tadbirdan eng muhim ma’lumotlarni jamladi.

Messenjerlarga teginilmagan holda firibgarlarga qarshi kurashiladi

Qabul qilingan hujjat kompaniyalarni eskirgan kiberxavfsizlik tizimlari uchun mas’uliyatni oshirishga chaqiradi. Agar mijoz yangilanmagan xavfsizlik tizimlari sababli pulini yo‘qotsa, bank yoki to‘lov tizimi zararni qoplab beradi. Endi barcha raqamli operatsiyalar qat’iy qayd qilinadi.

Shuningdek, O‘zbekistondagi aloqa operatorlari endi firibgarlar tomonidan ommaviy qo‘ng‘iroqlar qilinayotgan virtual xorijiy AТСlarni aniqlash va bloklashni amalga oshirib boradi.

Biroq, hukumat Telegram yoki WhatsApp kabi messenjerlarni bloklashni rejalashtirmayapti, chunki hozir firibgarlar aynan shu platformalarga ko‘chib o‘tgan. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, taqiq jamoatchilikning kuchli noroziligiga sabab bo‘ladi, jinoyatchilar esa yana boshqa aloqa kanallarini topaveradi. Markaziy bank va huquq-tartibot organlari uchun asosiy vazifa — o‘g‘irlangan mablag‘larning kriptovalyutaga chiqarilishini aniqlash va bloklashdan iborat.

Davlat chet el dasturlarini qanday nazorat qiladi

Mutaxassislarning baholashicha, mamlakatning to‘liq o‘z IT-yechimlariga o‘tishi uchun 20–30 yil va $2,5 mlrdlik bozor (250 mln kishilik) talab qilinadi. Shuning uchun O‘zbekiston xorijiy dasturlardan voz kechmaydi, lekin ularni nazorat qilishni kuchaytiradi.

Chet el vendorlarini mahalliy vakolatxonalar ochishga, o‘zbekistonlik mutaxassislarni o‘qitish va o‘z mahsulotlarining dastur kodlarini davlatga taqdim etishga undash ishlari olib boriladi. Shuningdek, respublika Rossiya va boshqa hamkor davlatlar bilan birgalikda kiberxavfsizlik sertifikatlarini o‘zaro tan olishni rejalashtirmoqda.

Davlat Bug Bounty dasturi nima

O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida davlat darajasida Bug Bounty dasturini ishga tushirgan birinchi mamlakatlardan biri bo‘ldi. Bu rasmiy platforma bo‘lib, «oq shlyapali» xakerlarga davlat elektron tizimlaridagi zaifliklarni aniqlash evaziga qonuniy mukofotlar to‘lashni nazarda tutadi.

Bundan tashqari, soha vakolatli organlari xakerlik hujumlarini 24 soat davomida kuzatish markazlari va raqamli jinoyatshunoslik laboratoriyalarini tashkil qilmoqda.

O‘zbekistonni qanday yangi tahdid kutmoqda

Rossiyalik kiberxavfsizlik bo‘yicha ekspert Aleksey Lukatskiyning prognoziga ko‘ra, 2026-yilga kelib xakerlar odamlarga qo‘lda o‘zlari hujum qilishni to‘xtatib, buni sun’iy intellekt tizimlariga yuklaydi.

Avtonom sun’iy intellekt agentlarining rivojlanishi kutilmoqda: ular ijtimoiy tarmoqlarda qurbonlarning ma’lumotlarini mustaqil yig‘ib, yoshi va odatlarini tahlil qilib, shaxsiylashtirilgan fishing hujumlarini yaratadi.

Sun’iy intellekt deepfake (ya’ni soxta ovoz va video xabarlar) yasab, ishonchni qozonadi va pulni hech qanday inson aralashuvisiz chiqarib yuborishi mumkin. Bu esa huquq-tartibot organlaridan butkul yangi tezlik va samaradorlikni talab qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda kiberjinoyat turlari 62 taga yetgani haqida yozgan edik.