
O‘zbekistonda soliq qarzi 1 mln so‘mdan oshgan fuqarolarga elektr to‘loviga cheklov joriy etiladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha umumiy qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshgan taqdirda, elektr energiyasi to‘lovlariga cheklov qo‘yish amaliyoti tatbiq etiladi. Mazkur tizimni amalga oshirish uchun «Soliq billing» axborot tizimi ishlab chiqilgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu mexanizm 16-apreldan boshlab Namangan viloyatida tajriba tariqasida joriy etiladi. Tizim bosqichma-bosqich ishlaydi. Agar fuqaroning soliq qarzdorligi 1 mlndan so‘mdan oshsa, avvalo, u bir necha marotaba ogohlantiriladi. Dastlab soliq hisoblanganligi haqida xabarnoma yuboriladi. Shuningdek, SMS orqali va agar fuqaro «Soliq» mobil ilovasidan foydalansa, ilova orqali ham bildirishnoma jo‘natiladi.
Shundan so‘ng soliq organlari tomonidan elektr energiyasi uchun to‘lovlarga cheklov kiritilishi mumkinligi haqida qo‘shimcha ogohlantirish beriladi. Agar barcha ogohlantirishlarga qaramay qarzdorlik bartaraf etilmasa, fuqaroning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati vaqtincha cheklanadi. Qarzdorlik to‘liq qoplangach, ushbu cheklov avtomatik tarzda bekor qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Soliq qo‘mitasida kiberxavfsizlik bo‘limlari tashkil etilishi haqida yozgan edik.