Tojikistonda ham Ramazon hayiti sanasi e’lon qilindi

Tojikiston olimlar kengashi yig‘ilish o‘tkazib, Ramazon oyining davomiyligi va bayram kunini belgiladi. Bu haqda Tojikiston Diniy ishlar va an’analar, tantanalar hamda marosimlarni tartibga solish qo‘mitasiga tayanib, Asia-Plus nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 2026-yilda muqaddas Ramazon oyi 29 kun davom etadi va Hayit bayrami 20-mart kuni nishonlanadi.
Olimlar kengashining qaroriga muvofiq, Hayit bayrami namozi 20-mart kuni soat 7:30 da Tojikistondagi barcha masjidlarda o‘qiladi. Shu kun mamlakatda dam olish kuni sifatida e’lon qilindi.
Yig‘ilishda imom-xatiblarga o‘z hutbalarida ehtiyojmandlarga moddiy yordam ko‘rsatish, bayram kunlarida sarf-xarajatlarni kamaytirish va tejamkor bo‘lish zarurligini yetkazish topshirildi. Shuningdek, barcha imom-xatiblarga olimlar kengashining tabrik matnini aholiga yetkazish vazifasi yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda Ramazon hayiti sanasi ma’lum qilingan edi.