
Toshkent va Chorvoq orasidagi pulli avtomobil yo‘li uch yil ichida qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining «Avtoyo‘linvest» agentligi direktori o‘rinbosari Asliddin Isayev «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Isayevning ma’lum qilishicha, 52 km uzunlikdagi Toshkent–Chorvoq yo‘li loyihasi 3 yil ichida amalga oshiriladi. Yo‘l qurib bitkazilgach, Chorvoq suv omboriga borish vaqti hozirgi 80 daqiqadan 35 daqiqagacha qisqaradi.

Loyiha bo‘yicha Qatarning Protocol Capital Group kompaniyasi va Janubiy Koreyaning Korea Expressway Corporation bilan dastlabki kelishuvlarga erishilgan. Protocol Capital Group — Qatarning yirik investitsiya kompaniyasi bo‘lib, uning aktivlari $4 mlrddan ortiq va kompaniya dunyoning 34 mamlakatida mingdan ortiq loyihalarni amalga oshirgan. Kompaniya vakili transport vaziri Ilhom Mahkamov va investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan muzokaralar o‘tkazgan.
Hozirda loyiha hujjatlari tayyorlanmoqda va xalqaro konsalting kompaniyalari jalb etilgan. Yo‘l uch yildan keyin foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Kelgusida loyihaning ikkinchi bosqichi ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, uning uzunligi 9 km bo‘ladi va u Sea Breeze majmuasi tomon cho‘ziladi.
Yangi trassa nafaqat sayohat vaqtini 35 daqiqagacha qisqartiradi, balki ommabop sayyohlik yo‘nalishidagi transport holatini yaxshilashiham kutilmoqda. Shuningdek, yo‘l ushbu yo‘nalishda tez-tez yuzaga keladigan «mega tirbandliklar» muammosini hal qilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Bo‘stonliq tumanlari hududidan o‘tuvchi Toshkent–Chorvoq avtomobil yo‘lida ayrim qismlarda transport vositalarining maksimal tezligi 80 km/soatgacha cheklangan edi.