
Toshkent shahrida jamoat transporti tizimini modernizatsiya qilish doirasida «Aqlli» bekatlar joriy etiladi. Innovatsion bekatlarda yo‘lovchilar xavfsizligi va qulayligiga asosiy e’tibor qaratilgan. Bu haqda Toshkent shahri Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar bermoqda.
Yangi bekatlarning har biri markazlashgan kuzatuv tizimiga ulangan ikkita videokamera bilan jihozlanadi. Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda foydalanish uchun maxsus SOS tugmalari o‘rnatiladi. Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun alohida qulayliklar yaratilib, maxsus kutish joylari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida bekatlarda avtobuslar harakat jadvalini real vaqt rejimida ko‘rsatib turuvchi elektron monitorlar o‘rnatiladi. Tezkor xaridlar uchun esa vending qurilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Markaz xabariga ko‘ra, bu o‘zgarishlar jamoat transportidan foydalanish sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. «Aqlli» bekatlar aynan qaysi manzillarda o‘rnatilishi haqidagi batafsil ma’lumotlar keyinroq e’lon qilinishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident yangilangan Shota Rustaveli ko‘chasini jamoat transportida aylangani haqida xabar bergan edi.