Toshkentda FVB inspektori olgan porasini qaytarayotgan vaqtida ushlandi

eʼlon qilindi
Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Toshkentda FVB inspektori olgan porasini qaytarayotgan vaqtida ushlandi / Foto: DXX

Toshkent shahrida Favqulodda vaziyatlar tizimi xodimining pora bilan bog‘liq noqonuniy harakati fosh etildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasining Yunusobod tumani boshqarmasi Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi bo‘limi inspektori Olmazor tumanida joylashgan xususiy klinikaning yong‘inga qarshi holati yuzasidan vakolatli hamkasblari orqali ijobiy xulosa olib berishni va’da qilgan. U joriy yilning fevral oyida MChJ rahbaridan 6,5 mln so‘m miqdorida pul olgan.

Biroq inspektor turli bahonalar bilan o‘z va’dasini bajarmagan. Shundan so‘ng fuqaro undan berilgan pullarni qaytarishni talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati hamda prokuratura organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda inspektor avval olgan pullarni qaytarib berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda yana bir mansabdor shaxs pora bilan qo‘lga tushgani haqida yozgan edik.

Shuningdek