Yangiliklar

Toshkentda JAC avtomobillari ishlab chiqariladi

Qiymati 135 mln dollar bo‘lgan loyihaning birinchi bosqichi 2026-yilda ishga tushiriladi
Foto: Hukumat komissiyasi

Toshkent shahrining Yangihayot tumanida JAC Motors avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Zavod to‘liq ishga tushgach, yiliga $5 mlnlik eksportni ta’minlashi belgilangan.

«Yangi Avlod» maxsus sanoat zonasida barpo etilayotgan JAC Motors Tashkent korxonasining umumiy qiymati $135 mlnni tashkil etadi. Loyiha doirasida yiliga 30 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Hukumat komissiyasi ushbu obyektda bo‘lib, qurilishga to‘sqinlik qilayotgan infratuzilma masalalarini joyning o‘zida ko‘rib chiqdi.

Foto: Hukumat Komissiyasi

Sanoat zonasida boshqa yirik investitsiya loyihalari ham amalga oshirilmoqda. Xususan, qiymati $288 mln bo‘lgan DPW Tashkent multimodal logistika terminali hamda $50 mln dollarlik Health Line tibbiyot buyumlari zavodi qurilmoqda. Umuman olganda, mazkur hududga jami $835 mln sarmoya kiritilishi va 9 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi e’lon qilingan.

Komissiya, shuningdek, Ogneupor hamda Accord Vision kompaniyalari loyihalarini ham ko‘zdan kechirdi. O‘rganishlar yakuniga ko‘ra gaz, elektr ta’minoti va kompensatsiya to‘lovlari yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga aniq topshiriqlar berildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan JAC RF8 miniveni va T9 pikapini ekstremal sovuqda sinovdan o‘tkazgani haqida xabar bergan edi.