Yangiliklar

Toshkentda yangi uylar narxi 11,5 foizga oshdi: eng qimmati Mirobod tumanida

Yangi uylar bo‘yicha poytaxtda kvadrat metr narxi yiliga 11,5 foizga oshdi
Ko‘chmas mulk
Foto: Rupor.md

Toshkent shahrida yangi uy-joylar bozorida bir kvadrat metrning o‘rtacha narxi o‘tgan yilning fevral oyiga nisbatan 11,5 foizga o‘sdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi.

Markaz hisobotiga ko‘ra, fevralda uy-joy oldi-sotdi bitimlari qariyb 4 foizga oshib, 29,7 mingtaga yetdi. O‘tgan yildagiga nisbatan esa bitimlar soni 32,4 foizga ko‘paydi.

Grafik: ITIM

Hududlar kesimida eng katta o‘sish Navoiy viloyatida kuzatildi. Bu yerda ko‘rsatkich 53 foizga oshdi. Sirdaryoda o‘sish 39 foizni tashkil etdi. Toshkent shahrida esa bitimlar soni 49 foizga ko‘paydi.

Fevralda barcha bitimlarning qariyb uchdan bir qismi poytaxt hissasiga to‘g‘ri keldi. Toshkentda oy davomida 8,9 mingta bitim tuzildi.

Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘sishi biroz sekinlashdi. Toshkentda esa narxlar fevralda taxminan 1 foizga oshdi. Yillik hisobda respublika bo‘yicha narxlar o‘rtacha 9 foizga ko‘tarilgan.

Grafik: ITIM

Eng katta o‘sish Surxondaryoda qayd etildi. Bu yerda narxlar 22 foizga oshdi. Sirdaryoda 19,3%, Jizzaxda 16,3% va Qoraqalpog‘istonda 15,9% o‘sish kuzatildi.

Toshkentda ikkilamchi bozorda kvadrat metr narxi yiliga 3,2 foizga oshdi. Eng katta o‘sish Mirobod tumanida 7 foizni tashkil etdi. Yakkasaroy, Shayxontohur va Chilonzor tumanlarida ham narxlar 5% atrofida oshdi.

Yangi uy-joylar bozorida narxlar yanada tezroq o‘sdi. Poytaxtda kvadrat metr narxi yiliga 11,5 foizga oshdi. Eng yuqori o‘sish Mirobodda 18% bo‘ldi. Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlarida ham narxlar 15 foizdan ko‘proq oshdi.

Ijara bozorida esa narxlar o‘zgarmadi. Fevralda o‘rtacha ijara narxi kvadrat metr uchun $8,7 bo‘lib qoldi. Yillik hisobda esa ijara narxlari 8 foizga oshgan.

Grafik: ITIM

Poytaxt markazida ijara narxlari yuqori darajada qolmoqda. Mirobod, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida narxlar kvadrat metr uchun $11 atrofida bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 1-apreldan ko‘chmas mulk va avtomobil savdosida yangi tartib joriy etiladi. Yangi tartibga ko‘ra, endilikda oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishda tomonlar o‘rtasidagi to‘lovlar bank va notariuslar o‘rtasidagi elektron axborot almashinuvi orqali tasdiqlanadi.