Yangiliklar

UzAirports 10 yillik strategiya ishlab chiqish uchun tender e’lon qildi

10 yillik strategiyani ishlab chiqish uchun konsalting kompaniyasini tanlash bo‘yicha
Foto: Uzbekistan Airports

Uzbekistan Airports milliy aeroportlar tizimini rivojlantirishga qaratilgan 10 yillik strategiyani ishlab chiqish uchun konsalting kompaniyasini tanlash bo‘yicha tender e’lon qildi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Loyihaga ko‘ra, strategiya nafaqat jamiyat boshqaruvidagi aeroportlarni, balki davlat-xususiy sheriklik asosida ishlayotgan yoki kelgusida konsessiyaga berilishi rejalashtirilgan aeroportlarni ham qamrab oladi. Shuningdek, ayrim aeroportlarni xususiy yoki tashqi boshqaruvga o‘tkazish istiqbollari ham o‘rganiladi.

Yaratiladigan hujjat butun mamlakat aeroportlar tizimi uchun yagona rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab berishi kerak. U turli boshqaruv shakllariga moslashuvchan bo‘lishi, shuningdek, geosiyosiy, iqtisodiy va texnologik o‘zgarishlarga bardoshli strategik yechimlarni o‘z ichiga olishi ko‘zda tutilgan.

Tenderda aviatsiya, transport infratuzilmasi va strategik rejalashtirish yo‘nalishida tajribaga ega xalqaro va mahalliy konsalting kompaniyalari ishtirok etishi mumkin.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida yangi yuk havo yo‘li ishga tushirilgani haqida yozgandi.