
Volkswagen kompaniyasi o‘zining eng arzon ID. Cross elektr krossoverining xususiyatlarini e’lon qildi. Avtomobil Yevropa bozorida shu yilning kuz faslida taxminan 28 ming yevro ($32,2 ming) boshlang‘ich narxda sotuvga chiqariladi.

Elektromobil MEB+ platformasida qurilgan bo‘lib, ID. Polo modeli bilan ko‘p jihatdan o‘xshashliklarga ega. Xaridorlarga 114, 133 va 208 ot kuchiga ega uch xil old dvigatel variantlari taklif etiladi. Shuningdek, krossover 20 dyuymli g‘ildiraklar bilan jihozlanadi hamda 1200 kg vazndagi tirkamani tortish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Avtomobil 37 va 52 kVt/soat sig‘imli akkumulyatorlar bilan sotuvga chiqadi. Kichikroq akkumulyator 90 kVt, kattasi esa 105 kVt quvvatda tez zaryadlanish xususiyatiga ega. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 52 kVt/soat sig‘imli versiya bir martalik quvvatlanishda 450 kilometrgacha masofani bosib o‘tishi mumkin.

Krossoverning uzunligi 4153 mm, kengligi 1794 mm va balandligi 1581 mm ni tashkil etadi. Yukxona hajmi 475 litr bo‘lib, orqa o‘rindiqlar yig‘ilganda bu ko‘rsatkich 1340 litrgacha kengayadi. Bundan tashqari, old qismda 22 litrli qo‘shimcha yukxona mavjud bo‘lib, interyerda 10,25 dyuymli raqamli asboblar paneli va 13 dyuymli axborot-ko‘ngilochar tizimi o‘rnatilishi kutilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2027-yilning bahorida ID. Polo liniyasida 223 ot kuchiga ega GTI varianti ham ishlab chiqariladi. Ammo ushbu yangilanish ID. Cross modelida qo‘llanilishi hozircha noma’lum.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Volkswagen’ning foydasi 8,9 milliard yevroga qisqargani haqida xabar bergaan edi.