Yangiliklar

Xitoyda elektromobillar uchun mobil powerbank’lar ommalashmoqda

Yangi texnologiya turar joylarda avtomobillarni quvvatlash imkoniyatini taqdim etadi
Foto: Carnewschina

Xitoyning Nanning shahrida elektromobillarni quvvatlash uchun mo‘ljallangan mobil robotlar ommalashmoqda. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Linlitsyao Szyayuan majmuasidagi 400 dan ortiq elektromobil egalari endilikda mobil ilova orqali quvvatlash robotini chaqirishi mumkin. Balandligi taxminan 1,5 metr bo‘lgan va qariyb 100 kVt·soat sig‘imga ega robot avtomobil yoniga kelib, zaryadi 10 foizga tushib qolgan transport vositasini 40-60 daqiqa ichida tezkor quvvatlaydi.

Foto: Carnewschina

Loyiha rahbarining ta’kidlashicha, ushbu yechim elektr tarmog‘ini yangilashni talab etmaydi va statsionar joylarni band qilmaydi.

«Uyga kelib mashinani parkovka qilamiz va quvvatlaymiz. Endi quvvatlash stansiyalariga borishga hojat yo‘q», — dedi mahalliy aholi vakillaridan biri.

Foto: Carnewschina

Ushbu qurilmalar Eraergy kompaniyasining Energy Tank mahsuloti bo‘lib, 30, 100 va 200 kVt·soat sig‘imli modellarda ishlab chiqariladi. Shuningdek, CATL kompaniyasi ham o‘zining CharGo mobil quvvatlash bloklarini avtomagistrallar, mehmonxonalar hamda logistika maydonchalarida faol sinovdan o‘tkazmoqda.

Foto: Carnewschina

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoyda SI orqali boshqariladigan ilk restoran ochilgani haqida xabar bergan edi.