
2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladigan bitimlar bo‘yicha xizmatlar uchun komissiyalar belgilandi. Shu munosabat bilan ko‘chmas mulk va avtotransport vositalari bo‘yicha tranzaksiyalarni amalga oshirayotgan fuqarolar va tashkilotlar uchun aniq tariflar tasdiqlandi.
Xususan, ko‘chmas mulk bo‘yicha bitimlarda komissiya bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan oshmasligi, ya’ni maksimal 206 ming so‘m miqdorida bo‘lishi belgilangan. Avtotransport vositalari bitimlarida esa komissiya bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizidan oshmasligi, ya’ni 103 ming so‘mga teng bo‘ladi.
Agar xaridor va sotuvchiga xizmat bir bank orqali ko‘rsatilsa, komissiya faqat bir marta olinadi. Shu bilan birga, agar ular turli banklar orqali xizmat olsa, har bir bank maksimal komissiyaning yarmidan oshmagan qismini oladi.
Bitim amalga oshmasa yoki bekor qilinsa, eskrou hisobvarag‘idagi mablag‘ xaridorga to‘liq qaytariladi. E’tiborlisi, belgilangan maksimal komissiyalar faqat davlat ulushi mavjud tijorat banklarida amal qiladi, boshqa tijorat banklarida esa xizmat haqi bankning ichki tarif siyosatiga muvofiq belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq banklarda eskrou hisobvaraqlarini ochish imkoniyati yaratilishi haqida yozgan edik.