
2025-yilda to‘langan sug‘urta to‘lovlari miqdori 2,9 trln so‘mga yetib, bu 2024-yildagiga nisbatan 35,4 foizga oshdi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA)ning 2025-yildagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Ta’kidlanishicha, 2025-yil davomida jami 13,1 mln dona sug‘urta shartnomasi tuzilib, yig‘ilgan mukofotlar hajmi 13,5 trln so‘mni tashkil etgan. Sug‘urtalovchilarning umumiy aktivlari 27,1 foizga o‘sib, 15 trln so‘mni tashkil qildi.
Yil yakuniga ko‘ra, sug‘urta tashkilotlarining sof foydasi 798,4 mlrd so‘mga yetdi. Shuningdek, 2025-yil 1-oktabrdan boshlab sug‘urtalovchilar uchun minimal ustav kapitali talablari yangilandi. Agentlik sohani rivojlantirish maqsadida o‘tgan yili jami 28 ta me’yoriy-huquqiy hujjat ishlab chiqdi.
Aholini himoya qilish yo‘nalishida sug‘urta qildiruvchilardan tushgan 3,2 mingta murojaat ko‘rib chiqildi. Ularning 1,6 mingtasi ijobiy hal etilib, 21,5 mlrd so‘mlik qoplamalar undirib berildi. Yagona axborot tizimi orqali 2025-yilda 12,6 mln.ta elektron polis rasmiylashtirilib, soha shaffofligi oshirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda elektron tijorat platformalari soni 3,2 baravarga oshgani haqida xabar bergan edi.