Birinchi o‘zbek kosmonavti uchun talablar ma’lum qilindi

eʼlon qilindi
«O‘zbekkosmos» agentligi direktorining o‘rinbosari Muxiddin Ibragimov ma’lumot berdi
O’zbekistonning birinchi kosmonavti kim?
Foto: Sun’iy intellekt

O‘zbekistonda ilk kosmonavtni tanlash ochiq tanlov asosida o‘tkaziladi. Unda talablarga javob beradigan har bir fuqaro ishtirok etishi mumkin. Bu haqda «O‘zbekkosmos» agentligi direktorining o‘rinbosari Muxiddin Ibragimov agentlik hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida ma’lum qildi, deya xabar berdi «Kursiv» muxbiri.

Unga ko‘ra, nomzodlar uchun asosiy talablar mavjud. Ular orasida yosh, bo‘y, vazn va ma’lumoti muhim hisoblanadi. Texnologik yo‘nalishda tanlov bo‘ladi. Shuningdek, nomzodlar kamida ikki tilni bilishi kerak.

«Agar «MKS» (Xalqaro kosmik stansiya — tahr.)ga uchiladigan boʻlsa, rus tili va ingliz tilini kamida bilishi shart. Agar Xitoy stansiyasiga uchiladigan boʻlsa, xitoy tilini va ingliz tilini kamida bilishi shart boʻladi. Parvozga tayyorgarligimizda bizda asosiy va zaxira nomzod boʻladi», – deya tushintirdi Ibragimov.

Tanlov bir necha bosqichda o‘tkaziladi. Dastlab ochiq e’lon beriladi va nomzodlar saralanadi. Keyin tibbiy ko‘rik, psixologik testlar, intellektual va jismoniy tayyorgarlik darajasi tekshiriladi.

Saralangan nomzodlar keyingi bosqichda xorijda qo‘shimcha sinovlardan o‘tadi. Yakunda bir nechta nomzod tanlab olinadi va ular orasidan bittasi davlat tomonidan tasdiqlanadi.

Tanlangan kosmonavt 10 – 12 oy davomida maxsus tayyorgarlikdan o‘tadi. Bu trening Xalqaro kosmik stansiya orqali bo‘lsa AQSh, Yaponiya yoki Germaniya, agar Xitoy orqali bo‘lsa Pekinda bo‘lishi mumkin.

Parvozdan oldin kosmonavt karantinga olinadi. Xalqaro kosmik stansiya uchun bu bir oy, Xitoy stansiyasi uchun ikki oy davom etadi. Parvoz odatda 10 – 14 kun davom etadi.

Kosmonavt parvoz davomida ilmiy tadqiqotlar olib boradi. Yer bilan doimiy aloqa saqlanadi. Parvozdan keyin reabilitatsiya jarayoni o‘tkaziladi va shundan so‘ng u O‘zbekistonga qaytadi.

Mazkur loyiha bo‘yicha davlat komissiyasi tuzilgan va ishchi guruhlar faoliyat boshlagan. Yaqin vaqtda tanlov jarayonining keyingi bosqichlari muhokama qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekkosmos» agentligi matbuot kotibi Akmal Nazarov birinchi kosmonavt ayol bo‘ladimi yoki erkak, buni vaqt va tanlov natijalari ko‘rsatishini ma’lum qilgandi.

Shuningdek