
BMW kompaniyasi klassik 3-seriya sedanining butunlay elektr versiyasi – BMW i3’ni taqdim etdi. Model zamonaviy texnologiyalari bilan ilgari ishlab chiqilgan 3-seriya sedanidan mutlaqo farq qiladi.
Dizayn va o‘lchamlar
BMW i3 Neue Klasse platformasida ishlab chiqarilgan bo‘lib, ishlab chiqarish 2026-yil avgust oyida Myunxenda boshlanadi, birinchi yetkazib berishlar esa kuz oylarida rejalashtirilgan.
Elektr sedan uzunligi 4760 mm, kengligi 1864 mm, balandligi 1481 mm va g‘ildiraklar oralig‘i 2898 mm. Yangi dizayn ramka va chiroqlar integratsiyasi, eshik tutqichlarining yopiq shakli hamda g‘ildirak arkalarining aniqroq ifodalanishi bilan ajralib turadi.
Ichki jihozlar va texnologiyalar
Avtomobil Panoramic iDrive tizimi, old oynaning ostida keng displey, 17,9 dyuymli media ekran, 3D proyeksiya (ixtiyoriy) va yoritilgan boshqaruv tugmachalari bilan jihozlangan. Shuningdek, panaromik shift, yangi interyer variantlari va yetti foydalanuvchi profilini BMW ID orqali saqlash imkoniyati mavjud.
Dvigatel va boshqaruv
Hozircha faqat i3 50 xDrive versiyasi taqdim etilgan bo‘lib, u har bir o‘qda bitta elektr dvigatelga ega va umumiy quvvati 463 ot kuchini tashkil qiladi. Yangi Heart of Joy tizimi tortish, tormoz, rul va rekuperatsiya funksiyalarini koordinatsiya qiladi va BMW’ning ta’kidlashicha, avvalgi tizimlarga nisbatan 10 marta tezroq ishlaydi.
Batareya va masofa
BMW i3 eDrive oltinchi avlod tizimi, 800 voltli arxitektura va silindrsimon batareya elementlari bilan jihozlangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobil bir zaryad bilan EPA bo‘yicha 708 km, WLTP bo‘yicha esa 900 km masofani bosib o‘ta oladi. Zaryadlash quvvati 400 kVtgacha bo‘lib, 10 daqiqada taxminan 400 km masofaga yetarli quvvat to‘planadi. Avtomobil, shuningdek, tashqi qurilmalarni quvvatlantirish, uyga energiya yetkazish yoki tarmoqqa qaytarish imkoniyatiga ega.
BMW kelajakda i3 liniyasini kengaytirishni rejalashtirmoqda: arzonroq bitta dvigatelli variantlar, kuchli M Performance versiyalari, i3 Touring universali va birinchi elektr M3 modeli ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMW 7 Series 2026 qanday texnik xususiyatlarga egaligi haqida yozgan edik.

















