
Livandagi ikki haftadan beri davom etayotgan urush bolalarning hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda va ularning kundalik hayotini izdan chiqarmoqda, deya bayonot berdi BMTning bolalar agentligi vakili.
Livandagi Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2-martdan boshlab Isroil zarbalari natijasida kamida 111 bola halok bo‘lgan va 334 bola jarohatlangan, bu kuniga taxminan 30 bolaga to‘g‘ri keladi. Shu davr mobaynida Yaqin Sharq mintaqasida jami 1,2 ming nafar bola qurbon bo‘lgan, ulardan qariyb 200 nafari Eron, 4 nafari Isroil va 1 nafari Kuvaytdan.
UNICEFning ijrochi direktor o‘rinbosari Ted Chaibanning ta’kidlashicha, zarbalar bolalarni uy, maktab va odatiy hayot tarzidan mahrum qilmoqda. Ayrim bolalar oilalari bilan birga jamoat maktablarida boshpana topgan bo‘lsa-da, ularning ta’limi to‘liq davom etmayapti.
Chaibanning so‘zlariga ko‘ra, moliyaviy inqiroz, Bayrut porti portlashi va COVID-19 pandemiyasi tufayli o‘quv jarayoni avvaldan buzilgan bolalarning ta’limini davom ettirish muhim hisoblanadi. Shu maqsadda UNICEF suv, sanitariya vositalari, issiq kiyimlar bilan yordam ko‘rsatmoqda. Shuningdek, janubiy Livanda qolgan oilalarga ham gumanitar yordam yetkazib turilmoqda.
BMT va UNICEF urushayotgan tomonlarga fuqarolik infratuzilmasini, jumladan, sog‘liqni saqlash obyektlari, suv ta’minoti va maktablarni nishonga olmaslikni tavsiya qildi. Livandagi Sog‘liqni saqlash vazirligining qayd etishicha, 2-martdan beri kamida 38 nafar sog‘liqni saqlash xodimi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT urush davom etsa, ochlikdan aziyat chekayotganlar soni rekord darajaga yetishi mumkinligi haqida bayonot bergan edi.