Markaziy bank asosiy stavkani yana 14 foiz darajasida qoldirdi

eʼlon qilindi
Bu haqda regulyator matbuot xizmati ma’lum qildi
Markaziy bank masofaviy banklar uchun kiberxavfsizlikni kuchaytirdi
Foto: Kursiv Uzbekistan

Bugun, 18-mart kuni Markaziy bank asosiy stavkani yana o‘zgartirmay, 14 foiz darajasida saqlab qolish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati ma’lum qildi.

«Soʻnggi oylarda ayrim oziq-ovqatlar narxlari oshishi hisobiga umumiy inflyatsiya darajasining pasayuvchi trendi sekinlashib, oʻzgarishsiz saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, yuqori iste’mol faolligi saqlanib qolayotgani va tashqi sharoitlarda narxlarga oshiruvchi xatarlar kutilayotgani inflyatsiyani oʻrta muddatli target darajasigacha pasaytirish maqsadida qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolishni taqozo etmoqda», – deyiladi xabarda.

2026-yil boshidan O‘zbekistonda inflyatsiya biroz tezlashdi. Fevral oyida bazaviy inflyatsiya 6,3 foizga yetdi, umumiy inflyatsiya esa 7,3% darajada qoldi.

Narxlar o‘sishiga, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari ta’sir qilmoqda. Shu sabab inflyatsion kutilmalar yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Shu bilan birga, ishlab chiqaruvchilar narxlari ham oshmoqda. Bu kelajakda mahsulotlar narxining yana ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.

Markaziy bankka ko‘ra, tashqi omillar ham bosim qilmoqda. Geosiyosiy vaziyat sabab energiya va oziq-ovqat narxlari oshishi mumkin. Logistika xarajatlari ham ko‘paymoqda.

Biroq milliy valyuta nisbatan barqaror. Bunga eksport tushumlari, pul o‘tkazmalari va oltin narxining yuqori bo‘lishi yordam bermoqda.

Kreditlash asta-sekin tartibga solinmoqda. Bu ortiqcha talabni kamaytirib, narxlar bosimini pasaytiradi.

Markaziy bank inflyatsiyani pasaytirish uchun qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettiradi. Zarur bo‘lsa, sharoitlar yanada kuchaytiriladi.

Asosiy maqsad inflyatsiyani o‘rta muddatda 5 foizga tushirish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdir.

Markaziy bankning keyingi yig‘ilishi 2026-yil 29-aprel kuni o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, 28-yanvar kuni ham Markaziy bank asosiy stavkani yana o‘zgartirmay, 14 foiz darajasida saqlab qolish haqida qaror qabul qilgandi.

Shuningdek