Narpay tumanida qiymati 500 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi

Samarqand viloyatining Narpay tumanida 100 gektar maydonda tashkil etiladigan yangi sanoat zonasida joriy yilning o‘zida umumiy qiymati $500 mlnlik yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Mutasaddilarga sun’iy intellekt yordamida har bir mahallaning imkoniyatlarini tahlil qilish, «o‘sish nuqtalari»ni aniqlash hamda tumanni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha Narpay tajribasini yaratish topshirildi. Shu bilan birga, tumanda qulupnaychilik maktabi tashkil etilib, 25 ta mahalla ushbu yo‘nalishga ixtisoslashtiriladi.
Ta’kidlanishicha, Narpay, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrining viloyat sanoatidagi ulushi atigi 10 foizni tashkil etadi. Shu bois ushbu hududlarda sanoatni rivojlantirish dasturi ishlab chiqilib, 1,2 trln so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Uning 800 mlrd so‘mi sanoat loyihalari infratuzilmasini yaratishga, qolgan 400 mlrd so‘mi esa yo‘l, suv, elektr ta’minotini yaxshilash hamda servis va renovatsiya loyihalariga yo‘naltiriladi.

Mazkur chora-tadbirlar doirasida Kattaqo‘rg‘on shahridan 40 kilometr uzoqlikdagi Ingichka shaharchasini rivojlantirish, shuningdek, shahar markazidagi Narpay kanali ustidan o‘tgan, 60 yil avval qurilgan ko‘prikni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, joriy yilda Samarqand viloyatiga 500 ta elektrobus olib kelish choralarini ko‘rish topshirildi. Umuman, Narpay, Paxtachi, Payariq, Qo‘shrabot, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida sanoat va servis sohalarini rivojlantirish hamda hududlarga yangicha qiyofa berish ustuvor vazifa etib belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqanddagi mahallalar infratuzilmasi uchun 150 million dollar ajratilishi haqida yozgan edik.