
Ramazon oyining ayrim yillarda 29 kun davom etishi tabiiy holat bo‘lib, bu hijriy-qamariy taqvimning xususiyati bilan izohlanadi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi xabar berdi.
Dunyo mamlakatlarida vaqt hisoblash turli taqvimlarga asoslangan. Milodiy taqvim keng qo‘llanilsa, islom olamida hijriy-qamariy taqvim — Oy fazasiga bog‘liq tizim ishlatiladi. Yangi hilol ko‘ringan kundan keyingi kun yangi oyning boshlanishi hisoblanadi. Shu sabab, qamariy oylar 29 yoki 30 kun davom etadi, yil esa 354 – 355 kundan tashkil topadi.
Mutaxassislar ta’kidlaydiki, milodiy oylar kunlari doimiy bo‘lsa, hijriy oylar davomiyligi Oy ko‘rinishiga bevosita bog‘liq. Shu sababli Ramazon oyi ham ba’zan 29, ba’zan 30 kun davom etadi va bu diniy jihatdan tabiiy hisoblanadi.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, Payg‘ambar Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) Madinada to‘qqiz yil Ramazon ro‘zasini tutganlar; ko‘pchilik yillarda ro‘za 29 kun, ba’zi yillarda esa 30 kun bo‘lgan. Shuni ta’kidlash kerakki, oyning 29 kun bo‘lishi uning mukammal ibodat sifatini kamaytirmaydi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda Ramazon hayiti sanasi rasman belgilangani haqida yozgandi.