Yangiliklar

O‘zbekiston ikkita sun’iy yo‘ldosh uchirishni rejalashtirmoqda

«O‘zbekkosmos» agentligi direktorining o‘rinbosari Muxiddin Ibragimov ma’lumot berdi
O‘zbekistonda birinchi sun’iy yo‘ldosh qachon uchiriladi
Foto: Sun’iy intellekt

O‘zbekiston Yerni masofadan zondlash uchun ikkita sun’iy yo‘ldosh uchirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «O‘zbekkosmos» agentligi direktorining o‘rinbosari Muxiddin Ibragimov agentlik hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida ma’lum qildi, deya xabar berdi «Kursiv» muxbiri.

Muxiddin Ibragimovning ma’lum qilishicha, yangi loyiha yuqori aniqlikdagi kosmik suratlar olishga xizmat qiladi. Rejaga ko‘ra, 30 santimetr aniqlikdagi tasvir beruvchi ikkita sun’iy yo‘ldosh uchiriladi. Bu orqali qishloq xo‘jaligi, qurilish va xavfsizlik sohalarida aniq ma’lumotlar olinadi.

Taqdimotdan / Kursiv Uzbekistan

«Bizning bugungi kundagi sun’iy yoʻldoshimizga boʻlgan talabimiz — bu oʻta yuqori aniqlikdagi, ya’ni 30 santimetr pikselli sun’iy yoʻldosh suratlarini olish imkoniyatiga ega boʻlgan ikkita sunʼiy yoʻldoshdan iborat guruh texnik detallari koʻrib chiqilgan», – dedi u.

Agentlik vakili ushbu jarayonda bir qator davlatlar tajribasi va iqtisodiy xarajatlari ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi. Xususan, Ozarbayjon 2014-yilda 1,5 metr aniqlikdagi yo‘ldoshni $235 mlnga uchirdi. 2023-yilda esa Isroil bilan 50 sm aniqlikdagi ikkita yo‘ldosh uchun $120 mlnlik kelishuv qilgan. Qozog‘iston esa 2014-yilda 1 metr aniqlikdagi yo‘ldoshni uchirgan va umumiy loyiha qiymati $340 mln bo‘lgan.

Ibragimovning ta’kidlashicha, loyiha kamida 3 yil davom etadi. Shu davrda sun’iy yo‘ldoshlar ishlab chiqiladi, sinovdan o‘tkaziladi va orbitaga chiqariladi. Shuningdek, yer usti boshqaruv stansiyasi va mutaxassislar tayyorlash ishlari ham olib boriladi.

Taqdimotdan / Kursiv Uzbekistan

Qayd etilishicha, ikkita sun’iy yo‘ldosh barcha ehtiyojni to‘liq qoplamaydi. Ammo loyiha boshlanishi uchun bu minimal va maqbul variant hisoblanadi.

«Ikkita sunʼiy yoʻldosh bilan biz toʻliq oʻzimizning ichki talablarimizni qondira olmaymiz. Lekin biz oʻzimizning ichki talablarimizni qondirish uchun barcha sun’iy yoʻldoshni uchiradigan boʻlsak, bizning moliyaviy manbalarimiz bunga toʻgʻri kelmaydi. Bu juda ham qimmat», – deya tushuntirdi agentlik vakili.

Rasmiylarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston xorijiy sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlariga qaram bo‘lib qolgan. Bu esa global vaziyat keskinlashgan paytda muammolar keltirib chiqarmoqda.

«Janubdagi (Yaqin Sharq — tahr.) mojarolar bizga ham ta’sir qila boshladi. Kosmik ma’lumotlar bo‘yicha ayrim cheklovlar paydo bo‘lmoqda. Biz, umuman, chegaradosh davlat emasmiz, lekin shunga qaramasdan bizga ham hozir qanaqadir cheklovlar qoʻyilyapti», – dedi Muxiddin Ibragimov.

Shu sababli mamlakat o‘zining mustaqil kosmik resurslariga ega bo‘lishni ustuvor vazifa sifatida ko‘rmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2028-yilda Mirzo Ulug‘bek nomi bilan atalgan 6U formatdagi ilmiy sun’iy yo‘ldoshni uchirish taklif qilingandi.