Yangiliklar

O‘zbekiston ilk kosmik parvozda qaysi davlat bilan hamkorlik qiladi

Muxiddin Ibragimov ma’lumot berdi
O‘zbekiston ilk kosmik parvozda qaysi davlat bilan hamkorlik qiladi
Foto: depositphotos

O‘zbekiston birinchi kosmonavtini uchirish uchun AQSh, Rossiya yoki Xitoy bilan hamkorlik qilishi mumkin. «O‘zbekkosmos» agentligi direktorining o‘rinbosari Muxiddin Ibragimov agentlik hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida qaysi davlatlarning kosmik parvozlari o‘rganilgani haqida ma’lumot berdi, deya xabar berdi «Kursiv» muxbiri.

«Hozir ikkita asosiy kosmik stansiya bor: Xalqaro kosmik stansiyasi va Xitoyning Tiangong degan kosmik stansiyasi. Uchta davlat tomonidan parvoz qilish, texnologik imkoniyatlari bor. Bular AQSh, Rossiya va Xitoy. Albatta, AQSh bilan Rossiya bu yoʻnalish boʻyicha 20-asrning oʻrtalaridan boshlab ish olib borishgan. Xitoy esa 21-asr boshlarida bunga qoʻshilgan. Bugungi kunda mana shu uchta davlatda oʻzining kosmonavtlarni tayyorlash markazlari bor», – deya qayd etdi Ibragimov.

O‘zbekiston ilk parvoz uchun qisqa muddatli missiya variantini ko‘rib chiqmoqda. Bunday parvozlar odatda 10 kundan 20 kungacha davom etadi. Shu tajriba avval Saudiya Arabistoni, Turkiya va boshqa davlatlar tomonidan ham qo‘llangan.

Taqdimotdan / Kursiv Uzbekistan

Kosmonavt stansiyada ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanadi. Asosiy yo‘nalishlar tibbiyot, biologiya, o‘simliklar genetikasi va materialshunoslik bo‘ladi.

«Kun tartibi boʻyicha ular yer bilan aloqa, tadqiqotlar, jismoniy tarbiyalar, shaxsiy vaqti, uyqu vaqti boʻladi. Hammasi reja-grafik asosida qilingan boʻladi. Koʻp qismi, ya’ni olti soat, sakkiz soat vaqti tadqiqotlar uchun belgilangan boʻladi», – deydi Muxiddin Ibragimov.

Har bir ilmiy tajriba oldindan kelishiladi. Bu jarayon kamida 6 oy vaqt oladi. Shu sabab loyiha ustida bir necha yil davomida tayyorgarlik ishlari olib boriladi.

«Mana shu ilmiy-tadqiqot dasturlarini ishlab chiqib, ularni mana shu «MKS» (Xalqaro kosmik stansiya — tahr.) boʻladimi yoki Xitoyning Tiangong stansiyasi boʻladimi, ular bilan kelishib, shu stansiyada amalga oshirishimiz kerak. Har bitta stansiyaning oʻzining laboratoriya uskunalari bor. Shu narsadan kelib chiqib, endi bu ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish oʻzi ham juda ham katta, qiyin ish ekan. Chunki har bitta ilmiy dasturni stansiyada mavjud uskunalar bilan agar ishlatiladigan boʻlsa, kamida olti oy kelishish tartibi bor ekan. Shuning uchun bu yoʻnalish boʻyicha bizning oldimizda bir yil-ikki yil vaqtimiz bor», – deydi u.

Agentlik vakiliga ko‘ra, ushbu missiya uchun tanlangan kosmonavt 10 – 12 oy davomida maxsus tayyorgarlikdan o‘tadi. Bu trening Xalqaro kosmik stansiya orqali bo‘lsa AQSh, Yaponiya yoki Germaniya, agar Xitoy orqali bo‘lsa Pekinda bo‘lishi mumkin.