Yangiliklar

O‘zbekistonda Ramazon hayiti sanasi rasman belgilandi

O‘sha kuni kam ta’minlangan oilalar, keksa va nogiron fuqarolar holidan xabar olinadi
O‘zbekistonda Ramazon hayiti sanasi rasman belgilandi / Foto: Advtour

Joriy yil Ramazon hayitining birinchi kuni 20-mart – juma kuniga to‘g‘ri keladi. Shu munosabat bilan 2026-yil 20-mart kuni O‘zbekistonda Ramazon hayiti sifatida keng nishonlanadi. Bu haqda prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, joriy yilda Ramazon hayiti bayramini keng va tartibli nishonlash maqsadida mamlakat bo‘ylab bir qator chora-tadbirlar belgilandi. Qaror asosida mahalliy hokimliklar va jamoatchilik vakillari kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, keksa va nogiron fuqarolarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, shuningdek iftorlik va xayriya tadbirlarini ixcham va tizimli tashkil etishga mas’ul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 20-mart – juma kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida nishonlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda boshqa hamkor tashkilotlar bayram kunlarida xalqimizning milliy an’analari va Navro‘z umumxalq bayramiga uyg‘un tarzda ko‘tarinki ruhda tadbirlar o‘tkazish, aholi o‘rtasida mehr-oqibat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga mas’ul qilinadi.

Shuningdek, Turizm qo‘mitasi va Transport vazirligi yurtdoshlarimiz uchun mo‘tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga tashriflarni qulay sharoitda tashkil etadi. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa OAVlar bayram tadbirlarini keng yoritadi.

Ma’lumot uchun, Ramazon hayiti va Navro‘z munosabati bilan o‘zbekistonliklar ketma-ket to‘rt kun dam oladi. 20-mart – juma kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida nishonlanadi. Shundan keyingi kun, 21-mart – shanba kuni Navro‘z umumxalq bayrami bilan bog‘liq dam olish kuni hisoblanadi. 22-mart – yakshanba esa odatiy dam olish kuni sifatida o‘tkaziladi. Shu bilan birga, 5 kunlik ish haftasida ishlovchi xodimlar uchun 23-mart – dushanba kuni qo‘shimcha dam olish kuni sifatida belgilanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hayit bayramiga yaqinlarga nima sovg‘a qilish mumkinligi va u qancha turishi haqida maqola yozgan edik.